Oʻzbekiston mahsulotlari Moʻgʻuliston orqali Yaponiya va Janubiy Koreya bozorlariga chiqishi mumkin
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston o‘rtasidagi sanoat kooperatsiyasi yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Geografik yaqinlik, xomashyo resurslari va qayta ishlash salohiyatini samarali uyg‘unlashtirish orqali ikki mamlakat mintaqaviy bozorlarda raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishga intilmoqda.
Shu maqsadda, “O‘zcharmsanoat” uyushmasi raisi Akbar Sultonov boshchiligidagi delegatsiyaning Mo‘g‘ulistonga amalga oshirgan ishbilarmonlik tashrifi doirasida qator istiqbolli muzokaralar tashkil etildi.
Tashrifning eng e’tiborga molik jihatlaridan biri – O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan jelatin va protein mahsulotlariga Mo‘g‘uliston kompaniyalari tomonidan bildirilgan qiziqish bo‘ldi. Muzokaralar chog‘ida mazkur mahsulotlarni Mo‘g‘uliston orqali Janubiy Koreya va Yaponiya bozorlariga reeksport qilish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Bu nafaqat O‘zbekiston mahsulotlari uchun yangi bozor eshiklarini ochadi, balki ularni xalqaro ta’minot zanjiriga ulashda ham muhim o‘rin tutadi. Mo‘g‘ulistonning Osiyo–Tinch okeani mintaqasiga yaqin joylashuvi, bojxona imtiyozlari va logistika imkoniyatlari O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan sifatli mahsulotlar bilan uyg‘unlashib, eksport jarayonini yanada samarali qilish imkonini yaratadi.
Tashrif doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi Ulan-Bator shahridagi “ECO Industrial Zone” iqtisodiy hududida ham bo‘lib, mazkur hududdagi infratuzilma, logistika, energetika ta’minoti va investitsiya muhiti bilan yaqindan tanishdi.
Ushbu hududda junni qayta ishlash va undan tayyor tolalar ishlab chiqarish yo‘nalishida O‘zbekiston korxonalari bilan autsorsing asosida hamkorlik qilish bo‘yicha takliflar bildirildi. Bu esa ikki davlatning ishlab chiqarish imkoniyatlarini birlashtirgan holda jahon bozoriga yangi mahsulot turlari bilan chiqish uchun asos yaratadi.
Tashrif davomida go‘sht va xom teri yetishtiruvchi Mo‘g‘uliston kompaniyalari bilan ham ikki tomonlama aloqalar o‘rnatildi. Bu tashabbus kelgusida O‘zbekiston charm sanoatini xomashyo bilan barqaror ta’minlash, xomashyo manbalarini geografik diversifikatsiya qilish va tannarxni optimallashtirish imkonini beradi.
Mo‘g‘uliston orqali Janubiy Koreya va Yaponiya bozorlariga chiqish bo‘yicha muhokama qilingan imkoniyatlar — O‘zbekiston sanoati uchun strategik ahamiyatga ega. Jelatin, protein, jun va charm kabi mahsulotlarni qayta ishlash, klasterlar yaratish va reeksportni tashkil etish — bugungi global iqtisodiyotda raqobatbardosh bo‘lishning muhim qadami sanaladi.