Valyuta kurslari 26/06/2025
$1 – 12531.78
UZS – 0,61%
€1 – 14538.12
UZS – 0,53%
₽1 – 159.82
UZS – 0,92%
Qidirish
Iqtisod 26/06/2025 Oʻzbekiston delegatsiyasi Avstriyada hududlarni rivojlantirish boʻyicha Yevropa tajribasini oʻrganmoqda

Oʻzbekiston delegatsiyasi Avstriyada hududlarni rivojlantirish boʻyicha Yevropa tajribasini oʻrganmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Strategik islohotlar agentligi va Iqtisodiyot va moliya vazirligi delegatsiyasi Agentlik direktori Baxodir Raxmatov boshchiligida Yevropa mamlakatlari hududlarining salohiyati va xususiyatlariga asoslangan rivojlanish yondashuvlari, hududiy boshqaruv tizimini tashkil etish prinsiplari, mintaqalararo tafovutlarni kamaytirish, hududlararo hamkorlik modellarini o‘rganish va barqaror rivojlanish bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlar bilan tanishish maqsadida ishchi safarda bo‘lib turibdi.

Safarning birinchi kunida Xalqaro maslahatchilar kengashi raisi Alfred Guzenbauer bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv davomida Avstriyaning ma’muriy tuzilmasi taqdimot qilindi, XMK bilan 2025-yilga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi ko‘rib chiqildi hamda O‘zbekistonda iqtisodiyot va barqaror rivojlanish sohalaridagi muhim islohotlarni, jumladan qishloq xo'jaligi, demografik barqarorlik va innovatsion yechimlarni joriy etishga doir islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga bo'yicha kelishuvlarga erishildi.

Shuningdek safar davomida Avstriya Moliya vazirligida vazirlik maslahatchisi janob Florentin Kershbaumer bilan alohida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv davomida federatsiya va mintaqalar o‘rtasida vakolatlar taqsimoti tizimi va uni qo‘llab-quvvatlovchi moslashuvchan moliyaviy mexanizmlar muhokama qilindi. Avstriya tomoni hududlar boshqaruvi mustaqilligini saqlagan holda resurslarni samarali qayta taqsimlashga qaratilgan model haqida ma’lumot berdi.

Vena shahar hokimligida delegatsiya shahar kommunal masalalari bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i Tomas Born bilan uchrashdi. Uchrashuvda Tomas Born shahar hayotini boshqarishda tizimli yondashuv, asosiy funksiyalarni xususiylashtirishdan voz kechish, fuqarolarning hayot sifatiga ustuvor e’tibor va barqaror rivojlanish masalalari haqida so'zlab berdi. Kommunal xizmatlarni, uzoq muddatli rejalashtirish va shahar boshqaruvidagi barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan vositalar namoyish etildi.

Birinchi kun yakunida delegatsiya Avstriya quyi federal hududi – Quyi Avstriyaning ma’muriy markazi Sankt-Pyolten shahriga tashrif buyurdi. Quyi Avstriya federal yerining raisi Yoxanna Mikl-Laytner va ekologiya va energetika masalalari bo‘yicha bo‘lim rahbari Piter Obrikht bilan uchrashuv o‘tkazildi. Avstriya tomoni chiqindilarni qayta ishlash tizimi, infratuzilma yechimlari va mintaqaviy darajadagi ekologik resurslar boshqaruvi modeli bilan tanishtirdi.

Delegatsiya tashrifi davom etmoqda. Safar doirasida Chexiya va Polshaga ham tashriflar rejalashtirilgan. Uchrashuvlar natijasi va o‘rganilgan xorijiy tajriba asosida O‘zbekistonda mahalliy hokimliklarning tuman va shaharlarni rivojlantirishni rejalashtirishdagi rolini oshirish hamda resurslarni taqsimlash va hududiy boshqaruvning samarali vositalarini joriy etish va infratuzilmaviy masalalarga yechim topishga qaratilgan taklif va tashabbuslar ishlab chiqiladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling