Nyu-York va Istanbuldan Toshkentga xalqaro qidiruvda bo‘lgan fuqarolar olib kelindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Jinoyat sodir etishda ayblanayotgan va xalqaro qidiruvda bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari Turkiya va AQSH hududida qo‘lga olindi. Bu haqda Interpol Milliy markaziy byurosi xabar berdi.
Qidirilayotgan shaxslar soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash, ayniqsa yirik miqdorda firibgarlik va qator boshqa jinoyatlarda ayblanmoqda.
Maʼlumotga ko‘ra, muzokaralar, qo‘shma tezkor harakatlar va AQSH huquqni muhofaza qilish organlari hamda Anqaradagi Interpol MSB bilan axborot almashinuvi natijasida AQSH va Turkiyaning vakolatli tuzilmalari qo‘lga olingan shaxslarni deportatsiya qilish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Ikki nafar ayblanuvchi Nyu-Yorkdan Toshkentga AQSH Immigratsiya va bojxona politsiyasi xodimlari hamrohligida olib kelindi. Yana ikki nafar shaxs esa Istanbuldan yetib keldi.
Barchasi keyingi tergov harakatlarini o‘tkazish uchun Interpol MSB va ichki ishlar idoralarining hududiy organlariga topshirildi.