Valyuta kurslari 14/03/2025
$1 – 12938.11
UZS – 0,14%
€1 – 14076.66
UZS – -0,18%
₽1 – 149.99
UZS – 0,31%
Qidirish
O‘zbekiston 14/03/2025 Nuriddin Ismoilov va Vyacheslav Volodin parlament aloqalarini mustahkamlash masalalarini muhokama qildi

Nuriddin Ismoilov va Vyacheslav Volodin parlament aloqalarini mustahkamlash masalalarini muhokama qildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025-yil 13-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilovning Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Davlat dumasi Raisi Vyacheslav Volodin boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Muloqot avvalida mehmonlarga yangi tahrirdagi Konstitutsiya va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, Qonunchilik palatasining tarkibiy tuzilishi, uning qonun ijodkorligi yo‘nalishidagi faoliyati, palataning qo‘mitalari, komissiyalarining asosiy vazifalari haqida batafsil ma’lumot berildi.

O‘z navbatida, V.Volodin samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarning so‘nggi yillarda tobora kengayishi va mustahkamlanishi, turli sohalardagi serqirra hamkorlikning rivojlanishida kuzatilayotgan barqaror ijobiy tendensiyani mamnuniyat bilan qayd etdi.

Shuningdek, o‘zaro munosabatlar jadal rivojlanayotgani, O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar yangi formatga ega bo‘lgani, hamkorlikning barcha yo‘nalishlarida o‘zaro aloqalar faollashib, ko‘p tomonlama muloqotlar mustahkamlanib borayotgani e’tirof etildi.

Mehmon O‘zbekistonda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuqori baholab, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan mintaqaviy aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan konstruktiv va ochiq tashqi siyosat tahsinga sazovorligini bildirdi.

Ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishda muhim omil bo‘lgan parlamentlararo hamkorlikni yanada kengaytirish va sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarish har tomonlama foydali ekanligi qayd etilib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi bilan Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Davlat Dumasining Hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo komissiyasi faoliyatini takomillashtirish zarurligi ta’kidlandi.

Muloqot davomida parlamentlararo forumlar, partiyalar va fraksiyalararo muloqotlar o‘tkazish bo‘yicha fikrlar almashilib, hamkorlikni rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlari belgilab olindi.

Uchrashuv konstruktiv ruhda o‘tdi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling