Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Bosh prokuratura huzuridagi departament va Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida farmatsevtika vositalarining noqonuniy savdosi bilan shug‘ullangan bir necha shaxslar qo‘lga olindi.
Chilonzor tumanida fuqaro B.M. fuqaro M.X.ga xorijda ishlab chiqarilgan 2 000 quti “Ferro-Biotek” nomli dori vositasini 18 000 AQSH dollariga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Departamentning Qibray tumani bo‘limi, DXX va Toshkent viloyati IIBB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda dori vositalari savdosi bilan shug‘ullanib kelgan fuqaro G.S. fuqaro A.A.ga inson ruhiyatiga kuchli ta’sir qiluvchi 25 dona “Zardeks” va 2 dona “Tropikamid” nomli dori vositalarini 3,1 mln so‘mga sotgan vaqtida ushlanib, uning tanishlari bo‘lgan fuqarolar X.N. va D.A.ning xonadonlaridan jami 103 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.