Valyuta kurslari 19/08/2025
$1 – 12497.19
UZS – -0,4%
€1 – 14597.97
UZS – -0,46%
₽1 – 155.71
UZS – -0,83%
Qidirish
O‘zbekiston 19/08/2025 Namangan viloyatida moddiy manfaatdorlik evaziga noqonuniy diniy saboq berish holatlari aniqlandi

Namangan viloyatida moddiy manfaatdorlik evaziga noqonuniy diniy saboq berish holatlari aniqlandi

 Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida yashirin “hujralar” tashkil etib, diniy taʼlim berish yo‘li bilan noqonuniy daromad topayotgan “uddaburonlar”ning qilmishlari fosh etildi.

Jumladan, Namangan shahrining Baliqchi ko‘chasida istiqomat qiluvchi,

1995 y.t. fuqaro ko‘p qavatli uylarning birida 15 nafar shaxsga diniy saboq bergan bo‘lsa, Maʼrifat mahallasida yashovchi, 1974 y.t. ayol o‘z xonadonida 14 nafar voyaga yetmagan bolalarga diniy o‘qish tashkil etib, ularning har biridan oyiga 1,5 million so‘mdan pul olib kelgan.

Yangi Namangan tumanida qayd etilgan holatda esa 1983 y.t. shaxs Mehnatobod mahallasidagi yashirin “hujra”da 10 nafar voyaga yetmagan qizlarga va 3 nafar fuqaroga diniy taʼlim berib kelgan.

Ayni shu kabi holat Uychi tumanining Mashad mahallasida ham kuzatilib, unda 48 yoshli fuqaro o‘z uyida voyaga yetmagan bolalarni to‘plab, moddiy manfaat evaziga diniy saboq berish bilan shug‘ullangan.

Taʼkidlash lozimki, bunday qonunbuzarliklar To‘raqo‘rg‘on va Namangan tumanlarida istiqomat qiluvchi 1975 va 1981 y.t. 2 nafar shaxs tomonidan ham sodir etilgan.

Qilmishlari fosh bo‘lgan barcha soxta “dindorlar” hamda bolalarni tarbiyalash majburiyatlarini bajarmagan ota-onalarga nisbatan amaldagi qonunchilikda nazarda tutilgan choralar ko‘rildi.

Davlat organlari eslatib o‘tdi: mamlakatda dunyoviy ilm olish bilan birga, diniy taʼlim uchun ham barcha imkoniyatlar yaratilgan. Ota-onalarga farzandlarini shubhali va noqonuniy o‘qitish bilan shug‘ullanuvchi shaxslarga ishonib topshirmaslik qatʼiy tavsiya etiladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling