NACAG O‘zbekistonda emissiya nazorati texnologiyalarini joriy etishga yordam beradi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Iqtisodiyot va moliya vazirligi binosida Germaniyaning Azot kislotasi bo‘yicha iqlim harakati guruhi (NACAG) kotibiyati rahbari Torsten Brezina boshchiligidagi delegatsiya hamda Yashil iqtisodiyotga o‘tish va rivojlantirishni muvofiqlashtirish boshqarmasi vakillari o‘rtasida O‘zbekistonda azot kislotasi chiqindilarini qisqartirish loyihasi doirasida amalga oshirilyotgan ishlar jarayoni va kelgusidagi rejalarni muhokama qilish bo‘yicha uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Azot kislotasi bo‘yicha iqlim harakati guruhi (Nitric Acid Climate Action Group — NACAG) Germaniya federal hukumatining azot kislota ishlab chiqarish jarayonida azot oksidi (N2O) chiqindilarini kamaytirishga qaratilgan tashabbusidir. NACAG 2015 yilda bo‘lib o‘tgan Parij iqlim konferensiyasi doirasida tashkil etilgan bo‘lib, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (Deutsche Gesellschaft für Internationale Zusammenarbeit — GIZ) ko‘magida faoliyat olib boradi.
Uchrashuv davomida NACAG vakillari tomonidan respublika sanoat korxonalarida azot kislota ishlab chiqarish jarayonida yuzaga keladigan azot oksidi chiqindilarini kamaytirish hamda loyiha doirasida olib borilayotgan va kelgusida rejalashtirilgan ishlar bo‘yicha qisqacha ma’lumotlar berildi.
Xorijiy tomon O‘zbekistonda azot kislota ishlab chiqarish jarayonida azot oksidi chiqindilarini nazorat qilish bo‘yicha uzoq muddatli chora-tadbirlar ishlab chiqishda va sektorni iqlim o‘zgarishi bo‘yicha milliy rejalarga integratsiya qilishda hamda azot kislota ishlab chiqaradigan sanoat korxonalarida chiqindilarni kamaytirish texnologiyalarini (beg‘araz ko‘mak asosida) o‘rnatish, ulardan foydalanish va azot oksidi chiqindilarini nazorat qilish moslamalarini joriy etishda qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuv so‘ngida o‘zaro hamkorlikni yanada jadallashtirishga kelishib olindi.