Murojaatlar bilan ishlash jarayoni tezkor va shaffof bo‘ladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ko‘rib chiqildi.
So‘nggi yillarda davlat organlari va tashkilotlarining mas’uliyatini yanada oshirish hamda sohada ixcham boshqaruv tizimini shakllantirishga doir keng qamrovli islohotlar amalga oshirildi.
Ushbu qonun loyihasi mamlakatimizda qonunchilik tizimini yanada takomillashtirish va huquqiy mexanizmlarni zamon talablariga moslashtirishga qaratilgan.
Loyihada amaldagi bir qator qonun hujjatlarini o‘zaro muvofiqlashtirish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish mexanizmlarini takomillashtirish, intellektual mulk obyektlarini huquqiy muhofaza qilish tizimini rivojlantirish hamda tovar belgilari va patent bojlari to‘g‘risidagi qonunchilikni takomillashtirish nazarda tutilmoqda.
Xususan, loyihada tovar belgisiga doir guvohnomaning amal qilishi, huquq egasi bo‘lgan yuridik va jismoniy shaxslarning egalik qilish huquqi manfaatdor shaxsning arizasiga binoan sud qarori asosida tugatilishi mumkinligi taklif etilyapti. Tovar kelib chiqqan joy nomidan foydalanilganda esa Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ogohlantiruvchi tamg‘a qo‘yilishi mumkinligini belgilash ko‘zda tutilmoqda.
Shuningdek, ishonch telefoni tushunchasiga izoh berilib, uni – jismoniy va yuridik shaxslardan ularning qonuniy huquqlari, erkinliklari va manfaatlarini ta’minlash masalalari bo‘yicha arizalar, takliflar va shikoyatlarni qabul qilish uchun telefon aloqasining maxsus liniyasi sifatida nazarda tutish belgilanyapti.
Qonun loyihasi davlat organlari faoliyatida huquqiy aniqlik va barqarorlikni ta’minlash, murojaatlar bilan ishlash jarayonini tezkor va shaffof bo‘lishi, intellektual mulk sohasida huquqiy muhofaza darajasining oshishi hamda biznes yuritish uchun qulay huquqiy muhit yaratish kabi maqsadlarni nazarda tutgan.
Muhokamalardan so‘ng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.