Mobiuz “Mazza!” tarifiga o‘tishdagi cheklovlarniRaqobat qo‘mitasi talabiga binoan bekor qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Raqobat qo‘mitasi tomonidan mobil aloqa operatorlari xizmatlarida isteʼmolchilar huquqlari va manfaatlarini taʼminlash, shartnoma hamda tarif rejalar shartlariga kamsituvchi holatlarni kiritmaslik, shuningdek, abonentlarning xabardorligini oshirishga qaratilgan muntazam tahlil va nazorat ishlari olib borilmoqda.
“Telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatish qoidalari”ga (ro‘yxat raqami 3275, 30.06.2020 y.) muvofiq, mobil xizmatlar tarifikatsiyasi abonent holatini yomonlashtirmasligi va isteʼmolchi manfaatlariga zid bo‘lmasligi lozim.
Qo‘mita o‘rganishlari davomida “UMS” MCHJ (Mobiuz) tomonidan joriy qilingan “Mazza!” tarif rejasiga o‘tish faqat mobil ilova orqali amalga oshirilishi belgilanganligi aniqlandi. Bu esa, isteʼmolchilar tanlov huquqini cheklash hamda mobil ilovaga majburiy tarzda yo‘naltirish holatiga olib kelgan. Qo‘mita ko‘rsatmasiga asosan, mazkur tarifga o‘tish imkoniyati mobil ilova bilan bir qatorda kompaniya ofislarida ham yaratildi va isteʼmolchilar bu haqda xabardor qilindi.
Shuningdek, ko‘plab tariflarda oylik abonent to‘lovi uchun mablag‘ yetishmaganda avtomatik ravishda kunlik abonent to‘loviga o‘tish tartibi joriy etilgan. Biroq, ushbu xizmatni mustaqil boshqarish (o‘chirish yoki faollashtirish) imkoniyati mavjud bo‘lishiga qaramay, ko‘plab abonentlar bu haqda xabardor emasligi Qo‘mitaga kelib tushayotgan murojaatlar orqali maʼlum bo‘ldi.
Qo‘mita ko‘rsatmasiga muvofiq, kompaniya tomonidan “kundalik abonent to‘lovi rejimiga o‘tish” xizmatini boshqarish imkoniyati haqida rasmiy saytda eʼlon joylashtirildi hamda bunday xizmatga ulangan abonentlarga SMS xabarnoma yuborilib, xizmatni boshqarish usullari tushuntirildi.
Ushbu o‘rinda, Raqobat qo‘mitasi “UMS” (Mobiuz) tomonidan isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish yuzasidan berilgan ko‘rsatmani o‘z vaqtida bajarilganligini olqishlaydi va boshqa mobil aloqa operatorlarini ham yuqoridagilardan kelib chiqib, o‘z xizmat ko‘rsatish qoidalarini muvofiqlashtirib borishga chaqiradi!
Shu bilan birga, BEELINE mobil aloqa operatori bilan oylik va kunlik abonent to‘lovlari shartlarini qayta ko‘rib chiqish ishlari olib borilayotgani maʼlum qilinadi.
Qo‘mita telekommunikatsiya sohasida isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish yuzasidan nazorat va amaliy chora-tadbirlarni doimiy ravishda davom ettiradi.