“MITT-2025” xalqaro turizm yarmarkasida 100 dan ortiq kelishuvlarga erishildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 18-20 mart kunlari Moskva shahrida “MITT-2025” xalqaro turizm yarmarkasi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu yarmarkada Turizm qo‘mitasi va “Milliy PR-markazi” DUK tomonidan “O‘zbekiston” milliy stendi tashkil qilindi va yurtimiz turizm salohiyati yuqori saviyada namoyish qilindi.
Yurtimizda faoliyat yurituvchi 8 ta turfirma, “Uzbekistan airways” milliy aviakompaniyasi hamda Samarqand, Surxondaryo, Toshkent, Navoiy viloyatlar va Toshkent shahri turizm boshqarmalari vakillari ishtirok etdi va 100 dan ortiq kelishuvlarga erishildi.
O‘zbekiston stendi ko‘rgazmadagi eng ko‘p tashrif buyurilgan stendlardan biriga aylandi. Ko‘rgazmaning birinchi ish kunida O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati va madaniyatiga bag‘ishlangan stendda milliy raqslar namoyish etildi, turizmning turli yo‘nalishlari haqida ma’lumotlar taqdim qilindi. Unda tashrif buyuruvchilar o‘zbek xalqining boy madaniyati va tarixi bilan tanishtirildi.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston o‘zining qadimiy tarixi va boy madaniy merosi tufayli rossiyalik sayyohlar orasida eng mashhur yo‘nalishlarning TOP-10 taligiga kiradi.
MITT - 30 yildan beri Moskvada o‘tkazilib kelinayotgan Xalqaro turizm va mehmondo‘stlik sanoati ko‘rgazmasi. Bu turizm sohasidagi eng yirik va ahamiyatli “B2B” tadbirlaridan biri bo‘lib, har yili dunyoning turli burchaklaridan kelgan soha mutaxassislarini bir joyga to‘playdi.