Valyuta kurslari 20/06/2025
$1 – 12559.26
UZS – -0,47%
€1 – 14413.01
UZS – -0,71%
₽1 – 160.17
UZS – -0,41%
Qidirish
O‘zbekiston 20/06/2025 Mirziyoyev: "Qashqadaryoda amalga oshirilayotgan loyihalar butun mamlakat uchun islohotlar namunasiga aylanmoqda"

Mirziyoyev: "Qashqadaryoda amalga oshirilayotgan loyihalar butun mamlakat uchun islohotlar namunasiga aylanmoqda"

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Qashqadaryo viloyatini kompleks rivojlantirishning ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

"Viloyatdagi o‘zgarishlarni ko‘rib, odamlar bilan gaplashib, islohotlarimiz ularning hayotiga shiddat bilan kirib borayotganiga yana bir bor amin bo‘ldim. Oldinlari bitta viloyatdagi o‘zgarishlar bilan tanishishga bir kun yetardi. Shu kunlarga yetib keldik, hozir bitta tumanga bir hafta ham kam", - dedi davlatimiz rahbari.

Sakkiz yil avval viloyat sanoatining yarmidan ko‘pi neft-gaz va kimyo tarmog‘i korxonalariga to‘g‘ri kelgani, o‘tgan davrda elektrotexnika, qurilish materiallari, to‘qimachilik, mebelchilik sohalarida katta sakrash bo‘lib, hozirda bu tarmoqlarning sanoatdagi ulushi 54 foizni tashkil etayotgani taʼkidlandi.

Lekin qilingan ishlar bilan cheklanmasdan, yana-da yuqori surʼat bilan ishlash lozimligi ko‘rsatib o‘tildi.

Prezidentimiz joriy hafta boshida hokimlarga yuqoridan topshiriq kutmasdan, o‘zi tashabbus qilib, proaktiv ishlashga o‘tish bo‘yicha aniq vazifalarni belgilab berganini eslatdi. Qashqadaryoda hali ishga solinmagan kamida 15 milliard dollarlik salohiyat bor. Bu imkoniyatlarning kamida uchdan biri loyihaga aylantirilsa, viloyatning yalpi hududiy mahsulotini kelgusi besh yilda bemalol 10 milliard dollardan oshirish mumkinligi taʼkidlandi.

Shu munosabat bilan Qashqadaryoda viloyat "Islohotlar shtabi" tuzilishi belgilandi.

Davlatimiz rahbari kecha turli obyektlarga tashrifdan olgan taassurotlari bilan bo‘lishdi.

Masalan, uch yil oldin Chiroqchidan ajralib chiqqan Ko‘kdala tumani. O‘tgan davrda bu yerda 120 kilometr suv, 210 kilometr elektr tarmog‘i qurildi, 605 kilometr tuproq yo‘llar taʼmirlandi, 19 ta maktab, 22 ta bog‘cha, 5 ta oilaviy poliklinika ishga tushdi. Ishlab chiqarish korxonalari 3 karra oshib, 220 taga yetdi.

Qisqa davrda Mirakining o‘zida 180 million dollarlik 200 dan ortiq loyiha ishga tushdi, 2 ming ish o‘rni yaratildi. Yana 150 million dollarlik loyihalarda ishlar ketayapti.

Yakkabog‘ tuman markazida 1 ming 400 xonadonli 54 ta ko‘p qavatli uylar, “Eko bozor”, zamonaviy savdo va ko‘ngilochar markazi barpo bo‘ldi.

“To‘g‘risi bu menga juda maʼqul bo‘ldi. Mana tuman markazi qanday bo‘lishi kerak! Bunday loyihalarni har bir tuman, har bir mahallada qilsak, o‘sha hududga madaniyat kiradi, islohotlarimiz joylargacha yetib borganining yaqqol natijasi bo‘ladi”, - dedi davlatimiz rahbari.

Shahrisabz shahrida 10 million dollarlik ko‘p tarmoqli zamonaviy klinika ishga tushirildi. Har bir hududda kamida 1 tadan mana shunday xususiy klinika ochilishiga ko‘maklashish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Buning uchun davlat 140 million dollar resurs ajratishga tayyor.

“Qisqa qilib aytganda, Shahrisabz, Yakkabog‘ va Ko‘kdalada ishga tushgan yangi loyihalar “Islohotlar shtabi”ga tayyor andoza. Respublikadagi barcha tuman hokimlari Shahrisabz, Yakkabog‘ va Ko‘kdalani kelib ko‘rsin, o‘rgansin, o‘zida ham mana shunday yangi-yangi loyihalarni qilsin”, - dedi Prezident.

Yig‘ilishda viloyatning ishga solinmagan eng katta zaxirasi, bu – uning sug‘oriladigan, yaylov va o‘rmon yerlari ekani taʼkidlandi.

Misol uchun, Qashqadaryodagi sug‘oriladigan qishloq yerlari 515 ming gektarni, tomorqa va bog‘dorchilik yerlari 45 ming gektarni tashkil qilib, respublikada birinchi o‘rinda. Yoki, viloyatda 1,3 million gektar yaylov va o‘rmon yerlari mavjud. Buncha yer bilan butun respublikaning go‘shtga ehtiyojini bemalol qoplasa bo‘ladi.

O‘tgan yili viloyat qishloq xo‘jaligida 43 trillion so‘mlik mahsulot yaratildi.

"Agar ilm bilan resurs va salohiyat to‘liq ishga solinsa, ko‘chati, urug‘i, ekin ekishga yangi agrotexnologiyalar joriy qilinsa, suv va energiya tejamkor texnologiyalar keng qo‘llanilsa, bu raqamni besh yilda bemalol 100 trillion so‘mga olib chiqish mumkin", - dedi Prezident.

Viloyatdagi 1,3 million gektar yaylov va o‘rmonlardan samarali foydalanish, ularga investitsiyalar jalb qilib, yerlarni aylanmaga kiritish va loyiha qilish uchun alohida kompaniya tashkil qilinib, unga aksiyadorlik jamiyati maqomi beriladi.

Unga dastlabki bosqichda 100 million dollar beriladi. Kompaniyaning o‘zi ham 500 million dollar investitsiya olib keladi. Bu mablag‘lar hisobiga kompaniya ikki yilda viloyatdagi kamida 200 ming gektar yaylov va o‘rmon yerlariga suv chiqarib, lazerli tekislab, suv tejovchi texnologiyalar joriy qiladi.

Mirakida 520 gektar qir-adirda yangi terrasa usulida tashkil qilingan, 4-5 oyda meva beradigan uzum, gilos va olma bog‘lari kompaniyaga metodik baza bo‘ladi.

Qashqadaryoda chorvachilikni kompleks rivojlantirish dasturi boshlanadi.

Chorvachilik uchun Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasidan 12 oygacha 14 foizli kreditlar ajratiladi. Bu orqali viloyatdagi 127 ta chorvador to‘liq quvvatga chiqadi.

Yeri ham, fermasi ham mavjud bo‘lgan 630 ta chorvadorga mol sonini 12 ming boshga ko‘paytirishi uchun arzon resurslar ajratiladi.

Mutasaddilarga xalqaro moliya institutlaridan jalb qilingan 150 million dollar hisobidan ushbu loyihalarni moliyalashtirishni boshlash topshirildi.

Yil boshidan viloyatda meva-sabzavot eksporti 2 karra oshib, 62 million dollarga yetdi.

Ko‘kdaladagi 6 ming gektar lalmi yerda tarvuz, viloyatning 13 ta tumanidagi 6 ming gektar ekin yerlarida pomidor yetishtirishni yo‘lga qo‘yish orqali tarvuzning yillik eksportini 30 million dollarga, pomidorni esa 5 million dollarga yetkazish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi.

Pomidor, bodring va boshqa sabzavot urug‘larining importi kattaligi, mahalliy sharoitga mos, unumdor va kasallikka chidamli navlar yo‘qligi qayd etildi. Shu munosabat bilan Janubiy dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti Meksikadagi xalqaro g‘alla va makkajo‘xori markazi (CYMMIT) bilan hamkorlik o‘rnatib, 500 turdagi yangi nav olib kelgani maʼqullandi.

CYMMIT vakillari Qashqadaryoda g‘alla va ozuqa ekinlari bo‘yicha markaz ochmoqchi. Eng muhimi, meksikalik hamkorlar o‘zining tezkor nav yaratish texnologiyasini olib kelayapti. Ushbu markaz faoliyatini rivojlantirishga 3 million dollar yo‘naltirish topshirildi.

Bundan tashqari, kartoshkachilikni rivojlantirish maqsadida Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasidan kartoshka yetishtirish xarajatining yarmi uchun 10 foizdan 12 oy muddatga imtiyozli kredit ajratiladi. Kartoshkachilik texnikalari import bojidan ozod etiladi, yuqori avlodli urug‘ xarid qilishda QQSning 50 foizi qaytarib beriladi.

Bu yil Qashqadaryoda 470 ming odamni band qilish, 150 ming aholini kambag‘allikdan chiqarish, Kitob tumani, Qarshi va Shahrisabz shaharlarini “ishsizlik va kambag‘allikdan holi hudud”ga aylantirish mo‘ljallangan.

Prezidentimiz bandlikda ishga solinmagan imkoniyatlarni ko‘rsatib berdi.

Masalan, Shahrisabz tumani Hisorak-G‘yelon yo‘li bo‘yidagi 16 gektar, Qamashida 65 gektar, G‘uzorda 42 gektar yerlarni turizm maskaniga aylantirish mumkinligi taʼkidlandi. Shu kabi, Qashqadaryoning Chiroqchidan o‘tgan 103 gektar qirg‘og‘ida sayyohlar uchun dam olish maskanlarini tashkil qilish mumkin.

Ko‘kdaladagi Chiyal dehqon bozori hududida 50 ga yaqin tadbirkorlar Chiyal yaxnasini tayyorlab, sotadi. Bu 100 yillik anʼanaga aylangan. Hozir bozor faqat yakshanba kuni ishlayapti. Agar sharoitni yaxshilab, mehmonxona va avtoturargoh qurilsa, ko‘p yillik tarixga ega bu joy kunlik rejimga o‘tib, oyiga 100 ming odamga xizmat qila oladi.

Shahrisabz shahri mahallalarida 100 dan ortiq aholi uy sharoitida temirchilik bilan shug‘ullanadi. Ularga qulay bo‘lishi uchun Shahrisabz shahri Qorasuv mahallasidagi 4,5 gektar bo‘sh yerda temirchilik mikro-markazini tashkil qilish topshirildi. Bunday mikro-markazlar Qarshi shahri, Dehqonobod, Kasbi, Kitob, Koson va Chiroqchida ham tashkil qilinadi.

Xorijda mehnat qilayotgan qashqadaryoliklar yuqori daromadli ishlar bilan band bo‘lishi uchun Qarshi davlat universitetida kamida 100 nafar o‘qituvchini nemis, yapon, koreys tili bo‘yicha malakasini oshirish, kamida 10 ming odamni xorijiy tilga o‘qitish, xorijda kam daromad topayotgan fuqarolarimizni o‘zimizda ishli qilish muhimligi qayd etildi.

Joriy yilda Qashqadaryoga 3,5 milliard dollar investitsiya jalb qilish rejalashtirilgan.

O‘tgan besh oyda Koson, Kitob va Chiroqchida investitsiya qariyb 2 karra oshgani taʼkidlandi.

Shu bilan birga, viloyatdagi 12 ta konga sanoat kirib bormagan. Hozirda qurilish materiallari sohasida 150 million dollarlik 16 ta loyiha tayyorlangan. Mutasaddilarga tegishli konlarni auksionga chiqarish topshirildi.

Kitobdagi 100 gektar maydonda 20 tonna oltin zaxirasi aniqlangan. Tabiatga zarar yetkazmasdan yopiq usulda oltinni qazib olishga 100-150 million dollar pul tikaman, degan talabgorlar ko‘p. Ushbu konni ham auksionga chiqarish zarurligi qayd etildi.

Kitobdagi yana 5 ta istiqbolli maydonda 39 tonna oltin, Chiroqchida 10 ming tonna noyob metallar resursi aniqlangan. Bu maydonlarda geologiya ishlarini boshlash topshirildi.

Muborakdagi Gazni qayta ishlash zavodi atrofidagi tayyor infratuzilmasi bor, temir yo‘l o‘tgan 200 gektar maydonda innovatsion sanoat zonasi tashkil etiladi.

Ushbu sanoat zonasida klaster tizimi asosida neft-kimyo, elektrotexnika, robototexnika va qurilish materiallari bo‘yicha 5 ta yirik loyihani boshlash vazifasi qo‘yildi.

Viloyat paxta yetishtirish bo‘yicha yetakchi bo‘lsada, to‘qimachilik sanoatidagi ulushi 10 foizga ham yetmaydi. Hozirda 100 ming tonna ip-kalavaning atigi 28 foizi qayta ishlanadi.

Shu maqsadda Kosondagi 40 gektarda tashkil etilgan yangi texnoparkda 200 million dollarlik 12 ta loyiha qilish rejalashtirilgan. Lekin suv tozalash inshooti va kanalizatsiya yo‘qligi uchun ishlar to‘xtab qolgan. Mutasaddilarga texnopark infratuzilmasi uchun mablag‘ ajratish topshirildi.

Umuman, 400 million dollarlik 35 ta loyihani boshlab, bu yil ip-kalavani qayta ishlashni 51 foizga, kelgusi yili 100 foizga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Yig‘ilishda yo‘l va infratuzilma masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

“G‘uzor – Buxoro – Nukus – Beyneu” yo‘lining viloyatdan o‘tgan 100 kilometrini rekonstruksiya qilish hisobiga hududning tranzit salohiyatini 3 karra oshirish mumkin. Bu loyihaga Qarshi shahridagi yangi aylanma yo‘lning qolgan 13 kilometri ham qo‘shilsa, aholi eʼtiroziga sabab bo‘layotgan tirbandlik masalasi hal bo‘ladi. Mutasaddilarga bu borada kelgusi yildan amaliy ishlarni boshlash topshirildi.

Shuningdek, “Qarshi – Shahrisabz – Kitob” magistral yo‘lining 106 kilometrida rekonstruksiyani boshlab, 4 tasmagacha kengaytirish, Qamashi va Yakkabog‘ markazidan aylanib o‘tadigan 34 kilometrli yangi yo‘l qurilishini ham boshlash vazifasi qo‘yildi.

Ushbu 106 kilometr yo‘lning ikki tomoniga kamida 1 millionta daraxt ekib, “yashil belbog‘” barpo etish zarurligi qayd etildi.

“Toshkent-Termiz” yo‘lining Qashqadaryo hududidan o‘tgan 60 kilometri ham 4 tasmali qilinib, sement-beton qoplamaga o‘tkaziladi. Joriy yilda bu yo‘lning 20 kilometrini qurib bitkazish topshirildi.

Qashqadaryoda 3 ming kilometr tuproq qoplamali yo‘l bor. Mutasaddilar oldiga bu yo‘llarni to‘liq shag‘al qoplamaga o‘tkazishni boshlash vazifasi qo‘yildi. Viloyatdagi 9 ta ko‘prikni to‘liq taʼmirlashga topshiriq berildi.

So‘nggi 8 yilda ajratilgan 1,7 trillion so‘m hisobidan viloyatda markazlashgan suv taʼminoti 32 foizdan 61 foizga chiqdi. Lekin, bu respublikada eng past ko‘rsatkich ekani ko‘rsatib o‘tildi.

Viloyatda suv va kanalizatsiyani yaxshilashga bu yil 800 milliard so‘m ajratilgan. Mutasaddilarga buning hisobiga 183 kilometr suv va kanalizatsiya tarmog‘i, 8 ta suv inshooti qurilishini yakunlash topshirildi.

Qarshi shahri kanalizatsiya tizimini yaxshilash ishlarini ham shu oyda boshlash shartligi qayd etildi. Bunga xalqaro moliya institutidan 60 million dollar jalb qilingan.

Qarshi shahrida suv taʼminoti 97 foiz bo‘lsada, suv olib boradigan 110 kilometrli magistral quvurning yarmidan ko‘pi eskirgan, suv yo‘qotish yuqori.

“Shu bois, qanchalik qiyin bo‘lmasin, Hisorak suv omboridan Qarshi shahrigacha ichimlik suvi tarmog‘i tortishimiz kerak”, – dedi Prezident.

Mutasaddilarga ushbu loyihani amalga oshirish bo‘yicha taklif kiritish topshirildi.

Hozirning o‘zida viloyatdagi 20 ming oilada uy-joyga ehtiyoj bor.

Shu munosabat bilan joriy yilda 7 ming 700 ta xonadon qurilishini yakunlash, aholi zich bo‘lgan Shahrisabz va Qarshi shahri, Kitob, Koson, Chiroqchi, Yakkabog‘da yana 5 ming xonadonli uylar qurishni boshlash zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Xonadonlar energiya samarador tizimga o‘tishi uchun Ko‘kdala va Nishon tumanlari, Qarshi shahridagi ijtimoiy obyektlar va xonadonlarga quyosh paneli, geliokollektor o‘rnatishiga ko‘maklashish topshirildi.

Viloyat boshqarmalari va tuman bo‘limlari esa yil yakunigacha binosiga kamida 20 kilovattli quyosh panellari o‘rnatishi belgilandi.

O‘tgan besh oyda Qashqadaryodagi 551 ta mahallada birorta ham jinoyat sodir etilmadi.

Shu bilan birga, sodir etilayotgan har uchta jinoyatdan bittasi viloyat markazidan uzoqda joylashgan, turistlar ko‘p tashrif buyuradigan Shahrisabz, Kitob, Chiroqchi, Yakkabog‘ tumanlari va Shahrisabz shahriga to‘g‘ri kelayotgani qayd etildi.

Masʼullarga mahallalarda kriminogen vaziyatni yaxshilashga qaratilgan “ichki ishlar organlari mintaqaviy boshqaruv tizimini” joriy etish topshirildi.

Bunda viloyat ichki ishlar boshqarmasining xavfsiz turizm bo‘yicha tizimi Shahrisabz shahrida joylashadi va ushbu 5 ta tumanda jinoyatchilikni jilovlashga masʼul bo‘ladi.

Hozirda Qashqadaryoda 5,5 ming ishsiz yoshlar bor. Yana 36,5 ming bitiruvchi mehnat bozoriga kirib kelayapti.

Yoshlarni “Yoshlar biznesi” dasturi, 13 ming nafar oliygoh bitiruvchisini “Kelajakka qadam” dasturiga qamrab olib, ularning tadbirkorligi va bandligiga ko‘maklashish topshirildi. Yana 5 ming yoshlar qishloq xo‘jaligida daromadli bo‘ladi.

“So‘nggi yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha qilayotgan islohotlarimiz o‘z samarasini berayapti”, – dedi Prezident.

Birgina misol, Qashqadaryodagi 34 ta sog‘liqni saqlash muassasasida pullik xizmatni raqamlashtirish hisobiga tushum 15 milliard so‘mga oshdi.

Mutasaddilarga bir oyda korrupsiyaviy holatlar salmog‘i katta bo‘lgan taʼlim, bandlik, qurilish sohalarida, Qarshi shahri, Koson va Qarshi tumanida ushbu tajribani ommalashtirish, viloyatni “korrupsiyadan holi” qilish bo‘yicha tizimli ishlash topshirildi.

Dehqon bozorlarida narx-navoning barqarorligini taʼminlash bo‘yicha Qashqadaryoda yangi tizim qilinadi.

Mutasaddilarga barcha dehqon bozorlari faoliyatini raqamlashtirish topshirildi.

"Ko‘rib turganingizdek, Qashqadaryoda amalga oshirishni rejalashtirgan ishlarimiz ko‘lami keng. Lekin bugungi shiddatli o‘zgarishlar zamoni bizdan yana-da ko‘proq izlanishni taqozo etayapti.

Belni mahkam bog‘lab ishga kirishsak, biz ololmaydigan marra, biz zabt eta olmaydigan dovonning o‘zi yo‘q.

Amir Temurdek buyuk ajdodimizdan jasorat, matonat, bag‘rikenglik kabi fazilatlarni meros qilib olgan mehnatsevar, samimiy va oliyjanob Qashqadaryo ahli bilan oldimizga qo‘ygan katta-katta marralarga albatta erishamiz. Aminmanki, qashqadaryoliklar barcha islohotlarimizning oldingi safida bo‘ladi", – dedi davlatimiz rahbari so‘zining yakunida.

Yig‘ilishda viloyat va respublika mutasaddilarining hisobotlari, tadbirkor va faollarning takliflari tinglandi.

#Shavkat Mirziyoyev  
Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling