Mirziyoyev: “Dunyodagi mavjud vaziyat bizga taʼsir qilmaydi” deb oʻylayotganlar qattiq adashadi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida boshlangan videoselektor yig‘ilishida dunyoda yuz berayotgan iqtisodiy va savdo cheklovlarining O‘zbekistonga taʼsirini yumshatish masalalari muhokama qilindi.
Avvalo, davlatimiz rahbari global iqtisodiy holatga to‘xtaldi.
“Hozirgi dunyo avvalgidek emas. Gap tarif yoki ularni miqdorida ham emas. Uzoq yillar davomida davlatlar o‘rtasida barqaror munosabatlar va o‘zaro ishonchni taʼminlagan xalqaro institutlar, ular ishlab chiqqan qoida va normalar bugun samarasiz bo‘lib borayapti.
Albatta, bu jarayonlar zanjirli taʼsir ko‘rsatib, jahon iqtisodiyotini sekinlashuvi va xalqaro savdoni kamayishiga olib kelishi mumkin”, - dedi Prezident.
Birgina yuqori tariflar oqibatida xalqaro savdo hajmi 3,5 trillion dollarga qisqarib, dunyodagi inflyatsiya darajasi 7,5-8 foizga ko‘tarilishi haqida prognozlar berilmoqda.
“Uch-to‘rt kun ichida xalqaro moliya bozorlari 10 trillion dollar yo‘qotgani biz uchun qattiq “signal” bo‘lishi kerak.
Eng katta xavf – pandemiya davrida bo‘lgani kabi dunyo bo‘ylab taʼminot va qiymat yaratish zanjirlarida uzilishlar paydo bo‘lishidadir.
Ayniqsa, bunday holat jahon eksportida yuqori ulushga ega to‘qimachilik, elektrotexnika, avtomobilsozlik, oziq-ovqat sanoati kabi “drayver” tarmoqlarga katta zarba berishi mumkin”, - dedi Prezident.
O‘ziga nisbatan eng katta import bojlari qo‘yilgan davlatlar endilikda O‘zbekiston eksport qilayotgan yo‘nalishlarga o‘zining mahsuloti bilan kirish uchun agressiv savdo siyosatini yuritishi mumkinligi qayd etildi. Yaʼni, mamlakatimiz kirib borgan ip-kalava, mato, gazlama, tayyor tekstil va maishiy texnika bozorlarida ham ayovsiz raqobat bo‘ladi.
Garvard universiteti tahliliga ko‘ra, o‘tgan besh yilda Iqtisodiy murakkablik indeksida O‘zbekistonning o‘rni 25 pog‘ona yaxshilanib, 105-o‘rindan 80-o‘ringa ko‘tarildi.
Bugungi kunda 162 turdagi milliy mahsulotlarimiz “dunyo bozorlarida raqobat ustunligiga ega” deb eʼtirof etilayapti.
Natijada oxirgi yillarda eksport 2,2 barobar oshdi. Tashqi savdo aylanmasi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 57 foizga yetdi.
“Bu – iqtisodiyotimiz tashqi bozorlarga qanchalik bog‘liq ekanini ko‘rsatadigan juda katta raqam”, - dedi Prezident.
“Takror va takror aytaman – “hozirgi dunyodagi vaziyat bizga taʼsir qilmaydi” deganlar juda katta xato qiladi. Bunday sharoitda faqat o‘z kuchimiz va ichki imkoniyatlarimizga tayanib, dadil-dadil qadam tashlashimiz kerak”, - dedi davlatimiz rahbari.
Lekin ko‘p rahbarlar hali masalaning jiddiyligini, 2 karra ko‘p ishlash kerakligini bilmayotgani, har bir vazirlik, tarmoq va hududlarni birinchi rahbarlari aniq-aniq reja qilib, ishlab chiqarish, eksport bilan o‘zi shaxsan shug‘ullanishi shart va zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Bir hafta davomida mutasaddilar 3 mingdan ziyod tajribali tadbirkorlar bilan uchrashdi. Ishbilarmonlar xalqaro bozorlardagi tebranishlarga moslashish uchun tezda hal qilish kerak bo‘lgan yangi-yangi masalalarni qo‘ymoqda. Vazirlar, hokimlar, bank va tarmoq rahbarlariga savollar ko‘p.
Ayrim rahbarlar tendensiyalarni o‘rganib, xatarlarni to‘g‘ri baholab, tadbirkorlarga yo‘l ochish o‘rniga o‘zlari to‘siq bo‘layotgani tanqid qilindi.
Bundaylarga nisbatan qattiq chora ko‘rilishi qayd etildi.
Standartlashtirish va sertifikatlashtirish tizimidagi eskirgan talablar va byurokratiya tadbirkorlarning “qo‘lini bog‘layotgani”, sohada korrupsiyani keltirib chiqarayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
25 mingdan ortiq standart, 41 ta texnik reglament xalqaro bozor talablariga mos kelmaydi. Hozirda 13 mingga yaqin turdagi tovarning 6,5 mingi majburiy sertifikatlanadi, bu esa tannarxni oshiradi.
“Vazirlar, hokimlar qachon tadbirkorlarni eshitib, qaysi standartni yangilash, qaysi birini bekor qilish, nima mahsulotni majburiy sertifikatsiya ro‘yxatidan chiqarishni o‘ylab ko‘rdi? Afsuski, bunga ijobiy javob yo‘q”, - deya qatʼiy eʼtiroz bildirdi Prezident.
Xususan, investorlar mamlakatimizdagi ko‘p laboratoriyalar talabga javob bermasligi, rivojlangan davlatlar standartlari esa tan olinmayotganini aytmoqda.
Hozirgi tizimda sertifikatlash organlari bir paytning o‘zida bozor nazoratini ham olib borayotgani, bu esa manfaatlar to‘qnashuviga olib kelayotgani qayd etildi.
Prezidentimiz sertifikatlashtirish tizimidagi ayrim muammolarni sanab, ularning yechimlarini aytdi.
Taʼkidlanganidek, sut va go‘sht mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar o‘zining mahsulotiga Sanepidqo‘m xulosasini olish tizimidan norozi.
Masalan, yiliga 100 million dollarlik bolalar ozuqasi import bo‘lmoqda. Lekin zamonaviy uskuna keltirib, zavod qurgan tadbirkor Sanepidqo‘m xulosasi yo‘qligi uchun ishlab chiqarishni boshlay olmayapti. Xulosa berish uchun esa standart yo‘q.
Qo‘mita rahbariyati “bu mahsulotga bizda standart yo‘q”, deb kutib o‘tirmasdan, o‘zi tashabbus qilib, tadbirkor bilan birga standart ishlab chiqmayotgani tanqid qilindi.
Ayrim tuman sanepidxizmatlari haligacha tadbirkordan bitta mahsulotning har xil qadoqlangan partiyasini alohida sinovdan o‘tkazishni talab qilmoqda. Bu qo‘shimcha vaqt, qo‘shimcha xarajat talab qiladi.
Bir vaqtda tayyorlangan mahsulotning har xil hajmda qadoqlanishi sifatga naqadar aloqador ekani savol uyg‘otadi.
Shuningdek, mineral suv ishlab chiqaruvchilar 45 ta ko‘rsatkich bo‘yicha xulosa olishi kerak. Tadbirkorlar shuning 43 tasi uchun Sanepidqo‘m tizimidagi laboratoriyalarga, qolgan 2 tasi bo‘yicha boshqa laboratoriyaga bormoqda.
Qo‘mitaga hamma tekshiruvni bitta joyda tashkil qilish topshirildi.
Meva-sabzavot va dukkakli ekinlar sifatini tekshirish uchun ham 3 ta tashkilotning laboratoriyasiga borish kerak. Eng yomoni, bu laboratoriyalarning xulosasi rivojlangan davlatlarda tan olinmaydi.
Shu bois eksportchilar qimmat bozorga chiqishdan oldin sertifikat olish uchun xorijga namuna jo‘natayapti.
Mutasaddilarga shu paytgacha birorta xalqaro tan olingan laboratoriyani olib kelmagani, eskirgan ustma-ust sertifikatlash amaliyoti haligacha davom etayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Salqin ichimlik ishlab chiqaruvchi tadbirkorlar chetdan keladigan vitrinali sovutkichlarni sertifikatsiyalash jarayoni 3 oygacha cho‘zilayotganini aytmoqda.
Kuryerlik xizmati korxonalari moped olib kelib, odamlarni ishli qilayotgani, lekin mopedning o‘zi 300 dollar tursa, uni standartdan o‘tkazib, sertifikat olishga yana shuncha mablag‘ ketayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Xususiy klinikalar “O‘zbekistonga ilk bor olib kelinayotgan ayrim tibbiy uskunalarni Farmqo‘mitada ro‘yxatdan o‘tkazish xarajati ularning narxidan 10 karra qimmat”, demoqda. Shuningdek, qo‘mitada oddiy termometrni ham, MRT uskunasini ham ro‘yxatdan o‘tkazishga 4-5 oy vaqt ketmoqda.
Davlatimiz rahbari bunday to‘lov va tartibotlar mutasaddilar tomonidan naqadar chuqur o‘ylanganini savol ostiga qo‘ydi.
“Bu yondashuv to‘g‘rimi? Albatta yo‘q. Murakkabligi va xavflilik darajasiga qarab, tibbiy uskuna, tibbiy buyum va dori-darmon uchun alohida-alohida muddat belgilash kerak”, - dedi Prezident.
Prezident sertifikatlashtirish va standartlashtirish tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlarini belgilab berdi.
Alohida farmon bilan Texnik tartibga solish agentligi, Sanepidqo‘m, Veterinariya qo‘mitasi, Karantin agentligi kabi idoralarning mahsulotga xulosa berish vakolatlari aniq belgilab beriladi.
Bunda takrorlanuvchi va ustma-ust tartiblar bosqichma-bosqich bekor qilinadi. Masalan:
- oziq-ovqat mahsuloti sifati va xavfsizligi nazorati bilan faqat Sanepidqo‘m shug‘ullanadi;
- oziq-ovqat uchun texnik reglamentlar va standartlar majburiyligi bekor qilinadi;
- qo‘mita asosiy oziq-ovqat mahsulotlari bo‘yicha sanitariya qoidalari va normalarini xalqaro talablarga – Kodeks Alimentariusga muvofiqlashtiradi.
Boshqa tizimlar ham xuddi shu tartibda qayta ko‘rib chiqiladi.
Shuningdek, xavf darajasi yuqori bo‘lgan 7 ta tovar guruhidagi mahsulotlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish amaliyoti bekor qilinadi.
Sertifikat olish majburiy bo‘lgan tovarlar ro‘yxatini keskin qisqartirib, mahsulot muvofiqligini deklaratsiyalash amaliyoti joriy qilinadi.
Asbob-uskuna, xomashyo, maxsus texnika, transport importida mamlakatimizda tan olinadigan xorijiy yuqori sifat va nazorat tizimlari mezonlari ishlab chiqiladi, ular import qilinayotganda milliy sertifikat olish talab qilinmaydi.
“Bir so‘z bilan aytganda, biz mahsulotlarning bozorga kirishini yengillashtirib, uni realizatsiyasidagi nazoratni kuchaytiramiz. Bu xalqaro amaliyotda o‘zini oqlagan”, - dedi prezident.
Mutasaddilarga “Bozor nazorati to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish topshirildi.
Umuman, sinov va sertifikatlashtirish bo‘yicha davlat laboratoriyalari xususiy sektorga investitsiya kiritish sharti bilan berilsa, sohada sifat va raqobat bo‘lishi, xizmat narxi tushishi ko‘rsatib o‘tildi.