Milliy maslahatlashuvlar: Inson huquqlari bo‘yicha 2030 yilgacha bo‘lgan Milliy strategiya loyihasi muhokamalar markazida
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 30 aprel kuni Toshkent shahrida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining 2030 yilgacha bo‘lgan Milliy strategiyasi loyihasi yuzasidan milliy maslahatlashuv bo‘lib o‘tdi. Ushbu loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 30 yanvarda qabul qilingan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga doir davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida ishlab chiqilgan.
Milliy maslahatlashuvlar loyihaning asosiy ijrochisi – Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan tashkil etildi. Tadbirda 50 dan ortiq ishtirokchi, jumladan, vazirlik va idoralar, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar, fuqarolik jamiyati institutlari, ilmiy-o‘quv muassasalari vakillari, shuningdek, Milliy markaz huzuridagi Jamoatchilik kengashi aʼzolari ishtirok etdi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov tadbirni ochar ekan, Milliy strategiya loyihasining tuzilishi, inson huquqlari samarali himoya qilinishini taʼminlashga qaratilgan bunday hujjatlarni qabul qilishning ahamiyati haqida to‘xtaldi. Jumladan, 1993 yil 25 iyunda Vena shahrida bo‘lib o‘tgan Inson huquqlari bo‘yicha umumjahon konferensiyasida qabul qilingan Vena deklaratsiyasi va Harakatlar dasturida har bir davlatga, inson huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirishni yaxshilash uchun, milliy harakatlar rejasi yoki strategiyasini ishlab chiqish maqsadga muvofiqligi masalasini ko‘rib chiqish tavsiya qilinganligiga eʼtibor qaratildi.
Bugungi kunda jahonning 80 dan ortiq davlati o‘zining inson huquqlari bo‘yicha milliy strategiyasi yo rejasini qabul qilgan. Ular orasida Avstraliya, Buyuk Britaniya, Daniya, Shvetsiya, Ispaniya, Italiya, Norvegiya, Xitoy, Yaponiya, Gruziya, Latviya, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkiya, Indoneziya, Meksika kabi mamlakatlar bor.
O‘zbekiston ham bu borada muayyan ijobiy tajriba to‘plagan davlatlar sirasiga kiradi. Xususan, A.Saidov qayd etganidek, 2020 yilda qabul qilingan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi muvaffaqiyatli amalga oshirildi va mamlakatimizda inson huquqlari kafolatlarini taʼminlashga munosib hissa qo‘shdi.
O‘z navbatida, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining 2030 yilgacha bo‘lgan Milliy strategiyasi loyihasini ishlab chiqish vazifasi 2025 yilgi Davlat dasturida belgilangan. Bu O‘zbekistonning 2030 yilgacha bo‘lgan inson huquqlari sohasidagi davlat siyosati asosiy yo‘nalishlarini belgilab beruvchi hujjat hisoblanadi. Shu maʼnoda, Miliy strategiyada inson qadri, insonlar turmush darajasi va farovonligini oshirishning eng muhim va zaruriy sharti sifatida O‘zbekistonda inson huquqlari va erkinliklarini taʼminlash bo‘yicha izchil va tizimli olib borilayotgan davlat siyosatini amalga oshirishning asosiy vazifalari va yo‘nalishlari belgilab berilishiga alohida ahamiyat qaratilmoqda.
Milliy strategiya loyihasida inson huquqlarni taʼminlashning barcha jihatlarini o‘zida mujassamlashtirgan 6 ta yo‘nalish ko‘zda tutilmoqda. Bular:
· shaxsiy va siyosiy huquqlarini himoya qilish;
· iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ekologik huquqlari himoya qilish, barqaror rivojlanish;
· aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand toifalari huquqlarini himoya qilish;
· inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar va fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatini takomillashtirish;
· inson huquqlari sohasidagi taʼlim faoliyati samaradorligini oshirish;
· inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi xalqaro hamkorlikni rivojlantirish yo‘nalishlaridir.
Milliy strategiya loyihasini ishlab chiqishda davlat organi, idoralar va nodavlat notijorat tashkilotlaridan 200 dan ortiq taklif olindi.
Shuningdek, Milliy strategiya loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portali hamda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi saytiga joylashtirilgan.
Milliy maslahatlashuvlar davomida ishtirokchilar loyiha yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar. Ushbu takliflar asosida Milliy strategiya loyihasini yana-da takomillashtirish haqida kelishib olindi.