Mebel sanoati: Turkiyalik mutaxassis bilan hamkorlik o‘rnatildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Dilshod Rasulov va turkiyalik dizayner-texnolog Gyurkan Kurun o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, uchrashuvda "Mebel va yog‘ochsozlik sanoati" uyushmasi raisi o‘rinbosari Aziz Egamberdiyev ham ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida tomonlar 6 oydan 12 oygacha bo‘lgan muddatda O‘zbekiston mebel sanoatiga turkiyalik yuqori malakali mutaxassisni jalb qilish imkoniyatlarini muhokama qildilar. Bu jarayon bilan bog‘liq barcha xarajatlar "Savdoni rivojlantirish kompaniyasi" AJ tomonidan qoplanishi taʼkidlandi.
Gyurkan Kurun hamkorlik dasturi doirasida 14-15 mart kunlari Xorazm viloyatining Xonqa tumanidagi Kichik mebel sanoat zonasida mebel sanoati sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlar uchun maxsus seminar-trening o‘tkazdi.
Seminar ishtirokchilari mebel dizaynidagi zamonaviy tendensiyalar, innovatsion materiallar va ishlab chiqarish jarayonlarini optimallashtirish usullari haqida qimmatli bilimlarga ega bo‘ldilar.
Uchrashuv natijasida "Mebel va yog‘ochsozlik sanoati" uyushmasi, "Savdoni rivojlantirish kompaniyasi" AJ va turkiyalik mutaxassis Gyurkan Kurun o‘rtasida O‘zbekiston mebel sanoati sohasidagi kompaniyalarni o‘qitish maqsadida shartnoma imzolandi.
Ushbu kelishuv nafaqat mahalliy mutaxassislarning kasbiy darajasini oshiradi, balki ilg‘or texnologiyalarni joriy etishga ham yordam beradi. Bu esa kelajakda o‘zbek mebel mahsulotlarini yangi eksport bozorlariga olib chiqish imkoniyatini yaratadi.