Valyuta kurslari 29/05/2025
$1 – 12831.13
UZS – -0,43%
€1 – 14542.80
UZS – -0,56%
₽1 – 161.07
UZS – 0,12%
Qidirish
Texnologiyalar 27/05/2025 Markaziy Osiyo mamlakatlari Toshkentda mintaqaviy elektron tijoratni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilmoqda

Markaziy Osiyo mamlakatlari Toshkentda mintaqaviy elektron tijoratni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkentda Markaziy Osiyo mamlakatlarida elektron tijoratni rivojlantirish masalalari bo‘yicha mintaqaviy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Tadbir Jahon banki tomonidan O‘zbekiston Istiqbolli loyihalar milliy agentligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan. Konferensiya Jahon bankining "Elektron tijorat orqali global bozorlarga kirish imkoniyatlarini kengaytirish" (E-GATE) dasturi doirasida o‘tkazildi.

Konferensiyada Markaziy Osiyo davlatlarining raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishga mas’ul bo‘lgan tegishli vazirlik va idoralari, shuningdek, mintaqa mamlakatlarining elektron tijorat va tadbirkorlik uyushmalari vakillari ishtirok etdi. a Jahon banki guruhi ekspertlari, shuningdek, Alibaba, DHL, Uzum, Lenovo, Jumia, UzPost va boshqa tashkilotlar mutaxassislari asosiy muhokamalarga o‘z hissalarini qo‘shdilar.

Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistondagi umumiy elektron tijorat bozori taxminan 3 milliard dollarga baholanmoqda, ammo amaldagi to‘siqlar bo‘lmaganda ushbu bozor sezilarli darajada katta bo‘lishi mumkin edi. Uning rivojlanishiga internet infratuzilmasining yaxshi rivojlanmagani, logistika cheklanganligi va unga xarajatlarning yuqoriligi, aholi va biznesning raqamli savodxonligi pastligi, naqd to‘lovlarning afzal ko‘rilishi kabi omillar to‘sqinlik qilmoqda.

Onlayn savdolarning aksariyati soliq qoidalarining murakkabligi hamda yetkazib berish va to‘lovlarga bo‘lgan cheklovlar tufayli biznesning qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qiladigan ijtimoiy tarmoqlar orqali norasmiy ravishda amalga oshiriladi. Elektron tijoratni qonuniy tartibga solish ko‘pincha raqamli iqtisodiyot ehtiyojlariga va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish talablariga javob bermaydi. Bundan tashqari, yagona mintaqaviy elektron tijorat bozorining mavjud emasligi uning ko‘lamini kengaytirish bo‘yicha harakatlarni va ushbu sohadagi davlatlararo hamkorlikni cheklaydi.

E-GATE dasturi 2023-yildan boshlab Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston mamlakatlarida Jahon banki tomonidan amalga oshirilmoqda. Uning maqsadi elektron tijoratni rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish, shuningdek, tadbirkorlik uchun yangi imkoniyatlar yaratish, mahalliy korxona va kompaniyalarning global savdoga integratsiyalashuviga ko‘maklashishdan iborat. Raqamli iqtisodiyot sohasida mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratiladi. Dastur davlat organlarini ham, xususiy sektorni ham qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

Tashabbus Buyuk Britaniya Tashqi ishlar, Hamdo‘stlik va taraqqiyot vazirligi (FCDO) tomonidan moliyalashtiriladi hamda uch mamlakatdagi elektron tijorat va tadbirkorlikni rivojlantirish bilan shug‘ullanuvchi tegishli vazirliklar, idoralar va uyushmalar bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.

E-GATE dasturining asosiy vazifalaridan biri mintaqadagi mikro, kichik va o‘rta korxonalarga elektron tijorat vositalari yordamida xalqaro bozorlarga chiqishga ko‘maklashish, shuningdek, global onlayn savdo platformalarida mahalliy mahsulotlarni ilgari surish uchun zarur ko‘nikmalarni rivojlantirishdan iborat.

Toshkentda bo‘lib o‘tgan konferensiya davomida E-GATE dasturi va uning xalqaro marketpleyslardan foydalanish orqali mahalliy ishlab chiqaruvchilarning eksportini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha asosiy komponenti yakunlari sarhisob qilindi.

Pilot dasturi doirasida 2024-yil may oyida Alibaba.com platformasi orqali o‘z mahsulotlarini butun dunyo bo‘ylab eksport qilishni rejalashtirgan mintaqaning uchta davlatidan 83 nafar benefitsiar - turli hajm va sohalardagi firma va kompaniyalar tanlov asosida tanlab olindi. Dastur ishtirokchilarining 30 nafardan ortig‘i yoki umumiy sonining qariyb 40 foizi O‘zbekistondan bo‘lgan mikro, kichik va o‘rta bizneslardir.

E-GATE dasturi ishtirokchilari Alibaba.com platformasiga bepul a’zo bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Dastur doirasida benefitsiarlar uchun 70 dan ortiq turli treninglar o‘tkazildi. Ular marketpleys bilan ishlash, eksport tartib-qoidalari, marketing, logistika, soliq masalalari, pochta xizmatlari, mijozlar bilan ishlash, eksport shartnomalarini tuzish tartib-qoidalari va boshqa muhim jihatlar bo‘yicha amaliy seminarlarni o‘z ichiga oldi.

E-GATE dasturining asosiy natijalari orasida mintaqaning kichik va o‘rta biznes korxonalarining yangi savdo bozorlariga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish, butun dunyo bo‘ylab mijozlar bilan yangi shartnomalar tuzish, shuningdek, o‘sib borayotgan biznes operatsiyalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida, birinchi navbatda, ayollar uchun yangi ish o‘rinlarini yaratish kabi natijalar bor.

E-GATE dasturi ishtirokchilari umumiy qiymati 23 million dollardan ortiq bo‘lgan eksport shartnomalarini tuzdilar yoki tuzish jarayonidalar. E’tiborlisi, ushbu mablag‘larning 16 mln dollari Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi savdoga to‘g‘ri keladi. Ishtirok etayotgan kichik va o‘rta biznes korxonalari o‘zlari uchun yangi bo‘lgan 70 dan ortiq bozorlarda xaridorlar bilan o‘zaro aloqalarni boshladilar.

Xususan, Alibaba.com platformasida O‘zbekistondan bo‘lgan kichik va o‘rta biznes korxonalari qariyb 5 million dollarlik shartnomalar tuzdi. Ular orasida to‘qimachilik mahsulotlari, yong‘oqlar, muzlatilgan va quritilgan mevalar, shuningdek, boshqa mahsulotlar yetkazib berish bo‘yicha kelishuvlar bor. Bunda eng mashhur yo‘nalishlar Buyuk Britaniya, BAA va Yangi Zelandiya bo‘ldi. Konferensiya doirasida dasturda ishtirok etib, eng yaxshi natijalarni ko‘rsatgan O‘zbekiston korxonalari va kompaniyalarining muvaffaqiyat hikoyalari taqdim etildi.

Tadbir davomida ekspertlar Markaziy Osiyo mamlakatlarida elektron tijoratni rivojlantirish va ularning global savdoga integratsiyalashuvi bo‘yicha keyingi qadamlarni muhokama qildilar. Uchinchi mamlakatlarga tovarlar eksportini jadallashtirish uchun logistika xizmatlarini yaxshilash imkoniyatlari, shuningdek, elektron tijorat sohasida ayollar va yoshlarning ishtirokini kengaytirish bo‘yicha chora-tadbirlarga alohida e’tibor qaratildi.

Konferensiya doirasida O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston elektron tijorat uyushmalari vakillari o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladilar. Hujjat elektron tijorat sohasida strategik hamkorlikni rivojlantirish, shu jumladan sohada bandlikni kengaytirish, normativ-huquqiy bazani, raqamli infratuzilmani takomillashtirish va transchegaraviy savdo uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha qo‘shma sa’y-harakatlarni nazarda tutadi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling