Markaziy Osiyo – Fors ko‘rfazi hamkorlik kengashi sammitiga tayyorgarlik ko‘rish masalalari muhokama qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidovning Fors ko‘rfazi arab davlatlari Hamkorlik kengashi (FKADXK) Bosh kotibi Jasem Muhammad al-Budayviy bilan rasmiy uchrashuvi doirasida «Markaziy Osiyo — Fors ko‘rfazi Hamkorlik kengashi» Sammitiga tayyorgarlik masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Muzokaralar chog‘ida ushbu muhim xalqaro tadbirning Samarqand shahrida bo‘lib o‘tishi belgilanganligi qayd etildi hamda uning tashkil etilishi bilan bog‘liq asosiy jihatlar ko‘rib chiqildi.
Xususan, Sammit yakuniy hujjatlarini tayyorlash, barcha ishtirokchi mamlakatlarining strategik manfaatlarini aks ettiruvchi kun tartibini shakllantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Tomonlar ushbu Sammitning tarixiy ahamiyatini taʼkidlab, uni Markaziy Osiyo davlatlari va Fors ko‘rfazi mamlakatlari o‘rtasida ko‘p qirrali hamkorlikni yangi bosqichga olib chiquvchi muhim voqea sifatida baholadilar.
Uchrashuv ikki tomonlama manfaatli sheriklikni yana-da mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga yuqori qiziqish mavjudligini tasdiqladi.