Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2024-yilda O‘zbekistonga kelib tushgan pul o‘tkazmalari o‘tgan yilga nisbatan 30 foizga yoki 3,4 mlrd dollarga ko‘payib, 14,8 mlrd dollarni tashkil qildi (1-diagramma). Mablag‘larning 77 foizi Rossiyadan (11,5 mlrd doll) kelib tushgan bo‘lib, 2023-yilga nisbatan 29 foizga oshgan.
Mazkur transfertlarning qolgan qismi Qozog‘iston (795 mln doll), AQSH (577 mln doll), Janubiy Koreya (534 mln doll), Turkiya (405 mln doll), Buyuk Britaniya (135 mln doll) va boshqa mamlakatlardan o‘tkazilgan.
2024-yilda O‘zbekistonga kelib tushgan pul o‘tkazmalari hajmining 2023-yilga nisbatan o‘sishi mehnat migratsiyasi yo‘nalishida kuzatilgan ijobiy tendensiyalar, xususan migrantlarni qabul qiluvchi mamlakatlarda iqtisodiy faollik, ishchi kuchiga talab va ish haqlarining oshishi hamda migratsiya geografiyasi tarkibida yuqori daromadli mamlakatlar ulushining ortishi bilan izohlanadi.
Shunindek, mazkur mablag‘larning oylar kesimi bo‘yicha tahliliga ko‘ra, 2024-yilda o‘tkazmalar dinamikasining shakllanishiga mehnat migratsiyasi bilan bog‘liq mavsumiylik omili bilan birga mehnat muhojirlari faoliyat yuritadigan an’anaviy mamlakatlarda milliy valyuta kursidagi tebranishlar ham ta’sir ko‘rsatdi. 2024-yilda O‘zbekistonga kelib tushgan transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmida 2023-yilga nisbatan Buyuk Britaniyadan 83 foizga, Janubiy Koreyadan 56 foizga, AQSHdan 35 foizga hamda Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridan 32 foizga o‘sish kuzatildi.
Ushbu davrda jismoniy shaxslarga kelib tushgan mablag‘larning 8,2 mlrd dollari an’anaviy xalqaro pul o‘tkazma tizimlari orqali (2023-yilga nisbatan o‘sish 14 foiz), 5,9 mlrd dollari xorijdan jismoniy shaxslarning bank kartalariga to‘g‘ridan to‘g‘ri (P2P) o‘tkazmalari orqali (o‘sish 51 foiz) hamda 774 mln dollari bank o‘tkazmasi (SWIFT) orqali (o‘sish 2,1 barobar) amalga oshirilgan (3-diagramma).
Xorijdan jismoniy shaxslarning bank kartalariga to‘g‘ridan to‘g‘ri (P2P) o‘tkazmalar tezkorligi, qulayligi va nisbatan arzonligi hisobiga ommalashib bormoqda. Birgina 2024-yilda P2P (onlayn) tranzaksiyalar soni qariyb 71 milliontaga yetgan bo‘lsa (2023-yilga nisbatan o‘sish 47 foiz), o‘tkazmalar hajmining kelib tushgan jami mablag‘lar hajmidagi ulushi 40 foizgacha ko‘paydi (2023-yilda 34 foiz).
Shuningdek, 2024-yilda O‘zbekistondan chet elga yuborilgan pul o‘tkazmalari hajmi 2,8 mlrd dollarni (2023-yilga nisbatan o‘sish 19 foiz) tashkil qildi.
2024-yilda banklar hamda jismoniy shaxslar o‘rtasidagi chet el valyutasi oldi-sotdi operatsiyalari aylanmasining umumiy hajmi 2023-yilga nisbatan 19 foizga (4 mlrd doll) ko‘payib, 25,5 mlrd dollarni tashkil etdi. Mazkur davrda jismoniy shaxslar tomonidan banklarga 16,1 mlrd dollar miqdoridagi yoki 2023-yilga nisbatan 31 foizga ko‘p (2023-yilda 12,3 mlrd doll) chet el valyutasi sotilgan. Shu bilan birga, jismoniy shaxslar tomonidan banklardan xarid qilingan chet el valyutasi hajmi 2023-yilga nisbatan 3 foizga o‘sib, 9,4 mlrd dollarga yetdi (2023-yilda 9,1 mlrd doll) (4-diagramma).
Natijada, jismoniy shaxslar tomonidan banklarga sotilgan chet el valyutasi hajmi sotib olingan chet el valyutasi hajmidan 6,7 mlrd dollarga ko‘p bo‘lib, ushbu ijobiy farq o‘z navbatida ichki valyuta bozorida qo‘shimcha taklif manbai bo‘lib xizmat qildi.
Shuningdek, banklarning valyuta ayirboshlash infratuzilmasini rivojlantirish, ularning tarmog‘ini kengaytirish va uzluksiz faoliyat yuritishini ta’minlash borasida tegishli chora-tadbirlar amalga oshirib borilmoqda.
Xususan, aholi uchun valyuta ayirboshlash infratuzilmasi qamrovini kengaytirish maqsadida, banklarning respublika bo‘ylab valyuta ayirboshlash shoxobchalari umumiy soni yil davomida 20 foizga oshib, 6,2 mingtaga yetkazildi. Bunda, 24/7 rejimida ishlaydigan avtomatlashtirilgan valyuta ayirboshlash bankomatlari soni 3,4 mingdan ortiq bo‘lib, ular aholi gavjum joylar, turistik hududlar, aeroportlar, vokzallar, mehmonxonalar va savdo majmualarida joylashtirilgan.