Markaziy bank: depozit hisoblaridan pul yechishda mablag‘ manbasini tasdiqlash talab qilinmaydi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Markaziy banki ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan, bank mijozlaridan depozit hisoblaridan pul yechib olishda mablag‘ manbasini tasdiqlash talab etilayotgani haqidagi xabarlarni rad etdi.
Taʼkidlanishicha, amaldagi qonunchilikka muvofiq, jismoniy shaxslar o‘z mablag‘larini yechib olishda bunday maʼlumotlarni taqdim etishga majbur emas.
Markaziy bank moliyaviy xizmatlar sohasida yuzaga kelayotgan muammolarni fuqarolar va tadbirkorlarning murojaatlari asosida tahlil qilishda davom etayotganini va ularni bartaraf etish bo‘yicha choralar ko‘rayotganini maʼlum qildi.
Banklar tomonidan noqonuniy talablar qo‘yilgan hollarda, isteʼmolchilar quyidagi telefon raqamlari orqali Bank xizmatlari isteʼmolchilarining huquqlarini himoya qilish xizmatiga murojaat qilishlari mumkin: 71 212-60-94, 71 212-73-62
Shuningdek, moliyaviy xizmatlar ko‘rsatishda huquqbuzarlik holatlari bo‘yicha shikoyatlar info@cbu.uz elektron pochta manziliga yuborilishi mumkin.