Markaziy bank 30 ta bankka ogohlantirish va jarimalar qo‘lladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025 yil may oyida bo‘lib o‘tgan Markaziy bank huzuridagi Bank nazorati qo‘mitasining sakkizta yig‘ilishida jami 37 ta masala ko‘rib chiqildi va tegishli qarorlar qabul qilindi.
Jumladan, ro‘yxatdan o‘tkazish va ruxsatnomalar berish yo‘nalishi bo‘yicha 18 ta masala ko‘rib chiqildi. Ular qatorida:
— kredit tashkilotlarining ustavlariga kiritilgan o‘zgartishlarni ro‘yxatdan o‘tkazish (3 holat);
— yangi mikromoliya tashkilotlarini ro‘yxatga olish va ro‘yxatdan chiqarish (4 holat);
— kredit tashkilotlari ustav kapitalida ulushga egalik qilish uchun ruxsat berish (4 holat);
— tijorat banklari kuzatuv kengashlari, boshqaruv aʼzolari va ahamiyatga molik boshqa xodimlar nomzodlarini ko‘rib chiqish (7 holat) kabi masalalar mavjud.
Shuningdek, kredit tashkilotlarining moliyaviy holatini baholash bo‘yicha 19 ta masala muhokama qilindi. Ular orasida Markaziy bankning normativ va ko‘rsatmalariga rioya etilishi, hamda banklar va mikromoliya tashkilotlarida o‘tkazilgan tekshiruvlar natijalari bor.
Qo‘mita ayrim tijorat banklari tomonidan minimal ustav kapitali talablariga amal qilinmayotganini alohida taʼkidladi. Shuningdek, muammoli kreditlarni undirish va ularning qoldig‘ini kamaytirish bo‘yicha mahalliy reja-jadvallarni bajarish taʼminlanmagani holatlari ham qayd etildi.
Shu munosabat bilan 17 ta tijorat bankiga taʼsir choralari ko‘rilishi va sanksiyalar qo‘llanilishi haqida ogohlantirish xatlari yuborildi.
Bundan tashqari, o‘rganish va inspeksion tekshiruvlar natijasida aniqlangan qoidabuzarliklar uchun Markaziy bank 13 ta bankka nisbatan jarimaviy sanksiyalarni qo‘lladi.