Valyuta kurslari 20/12/2024
$1 – 12875.06
UZS – 0,1%
€1 – 13406.80
UZS – -0,67%
₽1 – 124.75
UZS – -0,57%
Qidirish
O‘zbekiston 16/12/2024 Maktab o‘quvchilari uchun darsliklarni ijaraga berish tizimi 2025-yilda joriy etilmaydi

Maktab o‘quvchilari uchun darsliklarni ijaraga berish tizimi 2025-yilda joriy etilmaydi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Maktab o‘quvchilari uchun darsliklarni ijaraga berish tizimi 2025-yilda joriy etilmaydi. Bu haqda O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabar berdi.

2025–2027-yillarga mo‘ljallangan Fiskal strategiya asosida ishlab chiqilgan Budjetnoma loyihasida 2025–2026-o‘quv yilidan 2–11-sinflarda bir to‘plam darslik va mashq daftarlari uchun ijara to‘lovi undirish tizimini joriy etish yuzasidan tegishli takliflar taqdim etilgan edi.

Budjet jarayonlarini shakllantirishda vazirlik tomonidan, birinchi navbatda, iqtisodiy o‘sishning barqaror yuqori sur’atlari hamda iqtisodiy va ijtimoiy sohaning moliyaviy mutanosibligini ta’minlashda davlatning ijtimoiy majburiyatlarini to‘liq hamda o‘z vaqtida bajarishga ustuvor e’tibor qaratiladi. Bunda, samaradorlikni oshirish maqsadida turli yo‘nalishlar bo‘yicha tahlillar o‘tkaziladi.

Ta’kidlash lozimki, 2024-yilda maktab o‘quvchilari uchun 83,2 mln nusxa darslik va mashq daftarlarini yetkazib berish uchun Davlat budjetidan jami 1,5 trln so‘m ajratilgan. Ushbu mablag‘lardan 435,5 mlrd so‘mi (yoki 36 foizi) davriyligi 1-yil hisoblanadigan hamda har yili yangidan chop etiladigan mashq daftarlari uchun yo‘naltirilgan.

2025-yilda esa 81 mln nusxa darsliklar va mashq daftarlari uchun jami 1,3 trln so‘m mablag‘larni to‘liq Davlat budjetidan qoplash ko‘zda tutilgan.

Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlardagi faol foydalanuvchilar tomonidan chop etilgan postlarda Budjet loyihasida Kitob jamg‘armasi xarajat va daromadlari ko‘rsatilmaganiga e’tibor qaratilgan. Qayd etish joizki, Kitob jamg‘armasi faoliyati to‘xtatilgan va yangi jamg‘arma tashkil qilinmagani sababli loyihada bu bo‘yicha ma’lumotlar aks ettirilmagan.

2025-yil uchun Davlat budjeti doirasida ko‘zda tutilgan mablag‘lar yangi o‘quv yilida o‘quvchilarni darsliklar va mashq daftarlari bilan ta’minlash bo‘yicha ehtiyojni to‘liq qoplash imkonini beradi.

Bunda, ota-onalardan darsliklar va mashq daftarlari ijarasi uchun qo‘shimcha to‘lov undirish rejalashtirilmagan.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling