Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Turkiston jadidlik harakatining asoschisi, atoqli adib va jamoat arbobi, noshir va pedagog Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150-yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ-462-son, 27.12.2024 y.) qabul qilindi
Qarorga ko‘ra, 2025-yilda Turkiston jadidlik harakatining asoschisi, atoqli adib va jamoat arbobi, noshir va pedagog Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150-yilligi keng nishonlanadi.
Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150-yilligini nishonlash bo‘yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar dasturi tasdiqladi.
Dasturda quyidagi masalalarga alohida e’tibor qaratiladi, jumladan:
- mutafakkir adibning “Tanlangan asarlar” to‘plami, uning hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan ilmiy-ommabop kitoblarni nashrga tayyorlash va chop etish;
- Mahmudxo‘ja Behbudiy haqida spektakllar sahnalashtirish hamda bugungi kunga qadar yaratilgan “Mahmudxo‘ja Behbudiy” kinoseriali va “Xalq yuragi” badiiy-publitsistik filmlarining ommaviy namoyishlarini tashkil qilish;
- umumiy o‘rta ta’lim muassasalari, ijod maktablari o‘quvchilari, “Temurbeklar maktablari” kursantlari hamda oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida “Mahmudxo‘ja Behbudiy saboqlari” mavzusida insholar tanlovini o‘tkazish va g‘oliblarni munosib taqdirlash;
- 2025-yil oktyabr oyida “Mahmudxo‘ja Behbudiy merosi va jadidlik harakatini o‘rganishning dolzarb masalalari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil qilish;
- 2025-yil noyabr oyida Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150-yilligiga bag‘ishlangan tantanali adabiy-ma’rifiy xotira kechasini o‘tkazish.
Barcha tadbirlar Mahmudxo‘ja Behbudiyning g‘oyalari va merosini chuqur o‘rganish, ularni targ‘ib qilish hamda yoshlarning O‘zbekistondagi jadidchilik harakati tarixiga qiziqishini oshirishga qaratilgan.