Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlar uchun masofali video-uchrashuvlar o‘tkazish imkoniyatini yaratishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Ushbu qonun loyihasi bilan Jinoyat-ijroiya kodeksining tegishli moddalariga Ichki ishlar vazirligi tasarrufidagi barcha jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarga masofadan video-uchrashuv huquqini berish orqali o‘z yaqinlari bilan onlayn uchrashish imkoniyatini yaratishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Deputat Saydulla Azimov loyiha bo‘yicha batafsil ma’lumot berdi.
Qayd etilganidek, mahkumlarga masofadan video-uchrashuv huquqini berish orqali ularga o‘z yaqinlari bilan onlayn uchrashish imkoniyati yaratiladi.
Loyihada mahkumlarning masofali video-uchrashuv huquqini amalga oshirish soni, shartlari va tartibi, qo‘shimcha video-uchrashuv imkoniyatlari to‘liq o‘z aksini topmoqda.
Mazkur qonun loyihasi mahkumlarning oila a’zolari bilan muloqot qilish imkonini kengaytirishga, fuqarolar sarsongarchiligining oldini olishga xizmat qiladi.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilindi va Senatga yuborildi.