Mahkumlar kitob o‘qish orqali jazo muddatini qisqartirishlari mumkin – qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda mahkumlarni axloqan tuzatish ishlari samaradorligini oshirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda muhokama qilindi.
Mamlakatimizda mahkumlarning huquq va erkinliklarini kafolatlash, jinoyat-ijroiya qonunchiligini xalqaro huquqning jazoni ijro etish hamda mahkumlar bilan muomalada bo‘lishga taalluqli prinsiplari va normalari bilan uyg‘unlashtirish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.
Lekin qonunchilikka ilg‘or xorijiy tajribani inobatga olgan holda, mahkumlarning qonunga itoatkor xulq-atvorini, insonga, jamiyatga, mehnatga, jamiyat turmushi qoidalari va an’analariga hurmat munosabatini rag‘batlantirishga qaratilgan normalarni kiritish zarurati yuzaga kelmoqda.
Ushbu loyiha bilan Jinoyat kodeksiga kitob o‘qishga jalb qilish orqali mahkumlarni axloqan tuzatish bo‘yicha yangi 741-modda kiritilmoqda. Unga ko‘ra, faqat jazo muddatini to‘liq o‘tashi lozim bo‘lgan mahkumlarga nisbatan tasdiqlangan ro‘yxat bo‘yicha 1 ta kitob o‘qigan va belgilangan tartibda imtihon topshirgan taqdirda jazosini 3 kunga qisqartirish nazarda tutilyapti.
Ushbu Kodeksning 73, 74-moddalari asosida esa jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki yengilrog‘i bilan almashtirish masalasini hal etish vaqtida inobatga olinishi belgilanyapti.
Bundan tashqari, o‘zini o‘zi tarbiyalash yo‘li bilan tuzalish yo‘liga o‘tganligini tasdiqlovchi harakatlarni bajarishi munosabati bilan jazo muddatini qisqartirishni protsessual tartiblari hamda zarur bo‘lgan adabiyotlar bilan ta’minlashni belgilash bo‘yicha Jinoyat-protsessual kodeksi 5361-moddasi, Jinoyat-ijroiya kodeksi 801-moddasi bilan to‘ldirish nazarda tutilmoqda.
Majlisda qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan qabul qilindi.