Valyuta kurslari 25/07/2025
$1 – 12653.48
UZS – -0,85%
€1 – 14871.64
UZS – -0,71%
₽1 – 159.75
UZS – -1,79%
Qidirish
O‘zbekiston 23/07/2025 Mahallalarda huquq-tartibot maskanlari bosh va kichik inspektorlariga vakolat berilyapti, ularning mas’uliyati oshirilyapti

Mahallalarda huquq-tartibot maskanlari bosh va kichik inspektorlariga vakolat berilyapti, ularning mas’uliyati oshirilyapti

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi hamda jamoat tartibini saqlash sohasiga oid qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Kriminogen vaziyat og‘ir mahallalarda holatni barqarorlashtirish hamda jinoyatlarni barvaqt profilaktika qilish maqsadida mahalla huquq-tartibot maskanlari faoliyati takomillashtirilib, profilaktika bosh va kichik inspektori lavozimlari joriy etilgan. Biroq ichki ishlar organlari tizimidagi ishlarni ko‘rish va choralarni qo‘llash vakolati faqat mahalladagi profilaktika inspektorlariga berilgan bo‘lib, bunday vakolat huquq-tartibot maskanlardagi bosh va kichik inspektorlarida mavjud emas.

Bundan tashqari, hozirda ichki ishlar organlarining patrul-post xizmati inspektorlariga aniqlangan ayrim huquqbuzarliklar bo‘yicha ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirish vakolati berilgan bo‘lsa-da, ushbu ma’muriy bayonnomalar yuzasidan choralarni qo‘llash vakolati tizimdagi boshqa mansabdor shaxslarga, jumladan, ish yuklamasi katta bo‘lgan tuman (shahar) ichki ishlar bo‘lim boshliqlari va o‘rinbosarlari, transportda xavfsizlikni ta’minlash bo‘linmalari boshliqlari hamda profilaktika inspektorlariga yuklatilgan.

Yuqoridagi holatlar ma’lum ish bo‘yicha qaror qabul qilish jarayonlarining kechikishiga, bu bilan fuqarolarning ham sarson bo‘lishiga olib kelmoqda.

Shu sababli, mazkur qonun loyihasi bilan huquq-tartibot maskanlari inspektorlariga hamda patrul-post xizmati inspektorlari rahbarlariga ma’muriy bayonnomalarni ko‘rib chiqish va choralarni qo‘llash vakolati berilmoqda.

Ushbu qonun loyihasi mahallalarda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish hamda jamoat tartibini saqlash borasidagi ishlarning samaradorligini oshirish, vaqt va resurslarni tejashga, ovoragarchiliklarning oldini olishga xizmat qiladi.

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling