Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Madridning mashhur "Real" klubi Fransiyaning "Lans" va O‘zbekiston milliy terma jamoasining 20 yoshli himoyachisi Abduqodir Husanovga jiddiy qiziqish bildirmoqda. Bu haqda Foot Mercato nashri jurnalisti Santi Auna X (ilgari Twitter) ijtimoiy tarmog‘ida xabar berdi.
Foot Mercato nashrining ma’lumotiga ko‘ra, Husanovga 10 dan ortiq klub qiziqish bildirgan, ular orasida Ispaniya chempionatining kuchli jamoalari ham bor.
Ispaniya klubi vakillari futbolchining atrofidagi shaxslar bilan aloqa o‘rnatgani haqida xabar qilindi.
Ilgarigi ma’lumotlarga ko‘ra, Husanovga "Manchester Siti" va "Atletiko Madrid" kabi Yevropa klublari ham qiziqish bildirgan.
"Lans" klubi Husanovni qishki transfer oynasida sotishni rejalashtirmoqda va 25 million yevrodan ortiq takliflarni ko‘rib chiqishga tayyor.
Abduqodir Husanov o‘z faoliyatini "Bunyodkor"da boshlagan, so‘ngra Belarusning "Energetik-BGU" klubida o‘ynagan. U 2023-yil yozida "Lans"ga 100 ming yevro evaziga ko‘chib o‘tdi va shu paytdan beri klubning asosiy himoyachisiga aylanib, Yevropa futbolida e’tibor qozondi.