“Made in Uzbekistan” xalqaro ko‘rgazmasi INNOPROM-2025 doirasida o‘z ishini boshladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 7-10 iyul kunlari Rossiya Federatsiyasining Yekaterinburg shahrida bo‘lib o‘tayotgan “INNOPROM-2025” xalqaro sanoat ko‘rgazmasi doirasida “Made in Uzbekistan” milliy stendi o‘z ishini boshladi. Ushbu nufuzli tadbir O‘zbekiston sanoati va innovatsion salohiyatini xalqaro maydonda namoyish etish, yangi hamkorlik aloqalarini o‘rnatish va tashqi bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida tashkil etilmoqda.
“Made in Uzbekistan” milliy stendida yurtimizning turli tarmoqlarini namoyish etuvchi korxonalar ishtirok etmoqda. Xususan, farmatsevtika sohasiga ixtisoslashgan 5 ta yetakchi kompaniya o‘z mahsulotlari va ilmiy-ishlab chiqarish ishlarini taqdim etmoqda. Ular tomonidan ishlab chiqarilgan yuqori sifatli dori vositalari va zamonaviy texnologiyalar ko‘rgazma ishtirokchilari hamda xalqaro hamkorlar tomonidan katta qiziqish va eʼtirofga sazovor bo‘lmoqda.
Ko‘rgazma doirasida o‘zbekistonlik kompaniyalar tomonidan bir qator eksport shartnomalari imzolanishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu mamlakatimiz mahsulotlarining tashqi bozordagi raqobatbardoshligini yana-da oshirishga xizmat qiladi.