Valyuta kurslari 29/01/2025
$1 – 12974.98
UZS – 0,09%
€1 – 13540.69
UZS – -0,42%
₽1 – 133.06
UZS – 0,24%
Qidirish
Iqtisod 27/01/2025 Loyihalar ijrosi – rahbarlar doimiy nazoratida

Loyihalar ijrosi – rahbarlar doimiy nazoratida

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 26-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A. Aripov, Toshkent viloyati hokimi Z. Mirzayev, “O‘zbekgidroenergo” AJ Boshqaruvi raisi A. Sanginov boshchiligidagi ishchi guruh Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi istiqbolli loyihalar – to‘liq ishga tushirilgan “Ugam daryosida kichik GESlar kaskadi qurilishi” loyihasidagi GESlarning ekspluatatsion faoliyati hamda joriy yilda mustaqillik bayramiga to‘yona sifatida qurib bitkazilishi kutilayotgan Quyi Chotqol GES obyektidagi qurilish-montaj ishlari bilan yaqindan tanishdi.

“O‘zbekgidroenergo” AJ Boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginov Bosh vazirni qurilish obyektlarida olib borilayotgan reja asosidagi loyihaviy ishlar bilan yaqindan tanishtirdi.

Dastlab, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 16-yanvardagi 200/18-son qarori asosida 2023-2024-yillarda Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida “Ugam daryosida kichik GESlar kaskadi qurilishi” loyihasi doirasida qurib bitkazilgan hamda ishga tushirilgan 3 ta kichik GES, xususan, Ugam kichik GES-2 hamda Ugam kichik GES-3 ning joriy elektr energiya ishlab chiqarish faoliyati, obyektdagi inshootlar, o‘rnatilgan zamonaviy avtomatik qurilmalarning ishlash rejimi bilan tanishildi.

Joriy qish mavsumining sovuq va noqulay ob-havo sharoitlariga qaramay Ugam kichik GES-1, GES-2, GES-3 obyektlarida barqaror va uzluksiz elektr energiya ishlab chiqarish faoliyati amalga oshirilmoqda. 

Bo‘stonliq tumanida ishga tushirilgan “Ugam daryosida kichik GESlar kaskadi” loyihasining umumiy quvvati 4,8 MVt, o‘rtacha yillik elektr energiya ishlab chiqarishi 38,6 mln. kVt.soatga teng. Loyiha doirasida 3 ta GESda ham zamonaviy yuqori samarador gidroagregatlar o‘rnatilib, inson omilisiz to‘liq avtomatlashtirilgan tizim joriy qilindi.

Aytish joizki, ayni qish mavsumida hududiy GESlarning barqaror ishlab chiqarish faoliyati – xalqimiz ehtiyojlari uchun xizmat qilayotganligi, ayni muddaodir.

Bosh vazir tomonidan Ugam daryosi bo‘ylab pastki hududlarda ham GESlar loyihalarini davom ettirish muhimligi, bu o‘z navbatida, hududda yaratilayotgan qulay va rivojlantirilayotgan infrastruktura darajasi nafaqat mahalliy aholi uchun, balki, hozirda muhim yo‘nalish hisoblangan turizm salohiyatini oshirishga ham munosib hissa qo‘shishi alohida taʼkidlandi.
Navbatdagi obyekt – Quyi Chotqol GES qurilish obyekti bo‘ldi.

“Quyi Chotqol” GES qurilishi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 31-yanvardagi “Chotqol daryosida Quyi Chotqol GES qurilishi” investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qaroriga asosan “O‘zbekgidroenergo” AJ tomonidan jadal surʼatlarda olib borilmoqda.

GESning o‘rnatilgan quvvati 90 MVt bo‘lib, yillik o‘rtacha elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 300 mln. kVt.soatga teng.

Qish mavsumining sovuq va noqulay ob-havo sharoitlari, xususan, joriy kunlarda ushbu hududda ob-havoning -200 darajadan yuqori ekanligiga qaramay, loyiha obyektida quruvchi-ishchilar uchun barcha sharoitlar yaratilgan hamda qurilish ishlari yuqori surʼatda olib borilmoqda. Hozirgi kunda obyektda 5 ming m3 beton ishlari amalga oshirildi. Bosh vazir tomonidan zahmatkash quruvchilar faoliyati alohida eʼtirof etildi.

Mazkur istiqbolli loyihada mamlakatimizda ilk bor jahon standartlari asosida to‘g‘on va GES binosi yaxlit inshoot sifatida qurilmoqda, qurilish ishlari doirasida Respublikamiz va Markaziy Osiyoda ilk bor yangi zamonaviy texnologiyalar asosida ilk bor to‘g‘on konstruksiyasi bosib zichlangan (ukatanniy) betonli tipda qurilmoqda.

Loyihaga binoan, beton to‘g‘on balandligi 60 metr, uzunligi 270 metr, to‘g‘on usti eni 7,5 metrni tashkil etadi. Suv ombori hajmi 6,8 mln m3 ga teng.

GES qurilishida mahalliylashtirish doirasida milliy kontentdan samarali foydalanilmoqda. Tizimdagi korxona-zavodlarda ishlab chiqarilayotgan zaruriy jihozlar, asbob-uskunalardan loyiha qurilishida foydalanilmoqda. Bu ham o‘ziga xos yutuqlarimizdan biridir.

Bosh vazir A. Aripov tomonidan Quyi Chotqol GES imkoniyatlari alohida taʼkidlanib, Toshkent viloyati ijtimoiy-iqtisodiy uchun muhim gidroenergetik manbaga aylanishi, ushbu loyihani sentabr oyida davlatimizning Mustaqillik bayramiga munosib sovg‘a sifatida ishga tushirishni asosiy maqsad qilib belgilash lozimligi qayd etildi hamda barcha masʼullarga zaruriy topshiriqlar berildi.
 

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling