Londonda O‘zbekiston sayyohlik salohiyatini keng targ‘ib etish masalalari muhokama qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Turizm qo‘mitasi raisi Umid Shadiyev London shahrida joylashgan nufuzli xalqaro media markazlardan biri – “Frontline Club” muassasasining vakili Jo Uir bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mavzulariga bag‘ishlangan tadbirlarni tashkil etish imkoniyatlari muhokama qilindi. Xususan, sayyohlik salohiyatini oshirish hamda madaniy va tarixiy merosni targ‘ib etish maqsadida biznes uchrashuvlari, ochiq muhokamalar, hujjatli filmlar namoyishi va taqdimotlar tashkil etish yuzasidan fikr almashildi.
Ushbu tashabbuslar orqali Buyuk Britaniyadagi yetakchi jurnalistlar va sohaning taniqli ekspertlari e’tiborini O‘zbekiston hamda mintaqaga qaratish, shuningdek, mamlakatning turizm salohiyati va boy madaniy-tarixiy boyliklarini kengroq auditoriyaga tanishtirish asosiy maqsad qilib belgilandi.
Tomonlar kelgusida hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga va amaliy loyihalarni tizimli ravishda yo‘lga qo‘yishga kelishib oldilar.