Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Fransiyaning "Lans" futbol klubi bosh direktori Per Dreossi markaziy himoyachi Abdulkodir Husanovning katta ehtimol bilan jamoani tark etishini tasdiqladi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Abdulkodir Husanovga Angliya Premer-ligasining bir qator klublari, jumladan, "Manchester Siti" qiziqish bildirmoqda.
Husanov o‘ziga xos himoyaviy mahoratni namoyish etib, bosh murabbiy Vill Stil taktikasining muhim figurasiga aylandi.
20 yoshli futbolchining transferi bilan shug‘ullanish uchun Gestifute agentligi rahbari Jorje Mendesh vakolat olgan.
DAZN nashriga 1-liga doirasidagi "Tuluza"ga qarshi o‘yindan oldin bergan intervyusida Dreossi Husanovning klubni tark etishini ishonch bilan ta’kidladi, ammo uning ketishi qishki transfer oynasidami yoki yozda amalga oshirilishini aniqlamadi.
Shuningdek, u Husanovning ketishi yaxshi takliflar bo‘lsa, klubning moliyaviy holatini yaxshilashga yordam berishini qo‘shimcha qildi.
Ta’kidlash joizki, Abdulkodir Husanov diskvalifikatsiya sababli "Tuluza"ga qarshi o‘yinda ishtirok etmadi va uning jamoasi 0:1 hisobida mag‘lub bo‘ldi.