Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Kurash milliy sport turini rivojlantirish va ommalashtirishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi
Qarorga ko‘ra, Xalqaro kurash institutining kurash milliy sport turini rivojlantirish va ommalashtirish bo‘yicha faoliyati yanada kengaytiriladi hamda unga quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklanadi.
Ular orasida - kurash bo‘yicha xalqaro darajadagi malakali trenerlar va hakamlarni tayyorlashni yo‘lga qo‘yish, ularni qayta tayyorlash va malakasini oshirib borish tizimini joriy etish.
Shuningdek, kurash bo‘yicha ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirib borish, shuningdek, zarur o‘quv-uslubiy va ilmiy-amaliy qo‘llanmalarni ishlab chiqishni tashkil qilish,
Kurash bo‘yicha yangi yo‘nalishlarni yaratish va ularni ommalashtirishga, shuningdek, xorijda faoliyat olib boruvchi mutaxassislarni tayyorlashga alohida e’tibor qaratiladi.
Kurashni ommalashtirish, rivojlantirish va dunyoga tanitish hamda ushbu milliy sport turini umumjahon miqyosidagi sport turiga aylantirish bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirib borish.
Xorijdagi diplomatik vakolatxonalar zimmasiga Kurash xalqaro assotsiatsiyasi va Xalqaro kurash institutining kurashni xalqaro miqyosda rivojlantirish va ommalashtirish bo‘yicha faoliyatiga ko‘maklashish vazifasi yuklandi.
Mahalliy yirik tadbirkorlarni Kurash xalqaro assotsiatsiyasiga rasmiy homiy sifatida jalb qilib borish yo‘lga qo‘yiladi.