KOICA va Adliya vazirligi O‘zbekistonda intellektual mulk sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish loyihasini ishga tushirdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025-yil 21-may kuni Koreya Xalqaro Hamkorlik Agentligi (KOICA) va O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi “O‘zbekistonda intellektual mulk sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish” nomli yangi loyihaga doir Muhokamalar bayonnomasini imzoladilar.
Imzolash marosimida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri o‘rinbosari Ikramov Muzraf, KOICA vitse-prezidenti Hong Seok Hwa, Intellektual mulk departamenti boshlig‘i Baxrillo Xasanov, KOICAning O‘zbekistondagi ofisi direktori Shin Myong Sop hamda har ikki tomonning boshqa yuqori martabali vakillari ishtirok etdilar. Ushbu yangi tashabbus davlat boshqaruvi sohasida, xususan raqamli vositalarni joriy etish orqali davlat xizmatlarini modernizatsiya qilish borasida ikki davlat o‘rtasidagi kuchli hamkorlikni aks ettiradi.
Loyiha 2025–2029-yillar davomida amalga oshiriladi va uning umumiy qiymati 9,73 million AQSh dollarini tashkil etadi. Loyiha doirasida intellektual mulk xizmatlarining samaradorligi, shaffofligi va ochiqligini oshirish maqsad qilingan. Xususan, savdo belgisi va patent arizalarini ko‘rib chiqishda sun’iy intellekt texnologiyalariga asoslangan tizimlarni joriy etish, ommaviy qidiruv platformalari, statistik ma’lumotlar tizimlarini ishlab chiqish rejalashtirilgan. Shuningdek, loyiha doirasida tashkilotlarning salohiyatini oshirish maqsadida o‘quv seminarlari, AKT uskunalari bilan ta’minlash va aholining xabardorligini oshirishga qaratilgan tadbirlar o‘tkaziladi. Ushbu loyiha KOICA tomonidan moliyalashtiriladi va Koreyada intellektual mulk huquqlari sohasida boy tajribaga ega bo‘lgan Koreya Patent Ma’lumotlari Instituti (KIPI) tomonidan texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlanadi.
Mazkur hamkorlik KOICAning O‘zbekistonda huquqiy islohotlar va samarali boshqaruv sohasidagi kengroq majburiyatlarini davom ettiradi hamda fuqarolarga yo‘naltirilgan, innovatsiyalarga asoslangan intellektual mulk tizimini shakllantirish bo‘yicha mamlakatning sa’y-harakatlariga munosib hissa qo‘shadi.