Jizzaxdagi tadbirkorlarga gaz uchun asossiz qarzdorligi uchun 1,8 mlrd so'mdan ortiq mablag ' qaytarildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Raqobat qo‘mitasi va uning hududiy organlariga tadbirkorlik subyektlaridan tabiiy gaz uchun asoslantirilmagan holda noto‘g‘ri qarzdorliklar hisoblanganligi yuzasidan murojaatlar kelib tushmoqda.
Xususan, Qo‘mitaning Jizzax viloyati hududiy boshqarmasiga “Jizzax yo‘l qurish taʼmirlash” MCHJga “Hududgaz Jizzax” gaz taʼminoti filiali tomonidan asossiz qarzdorlik belgilanganligi yuzasidan tushgan murojaat o‘rganib chiqildi. O‘rganishlarda mazkur MCHJning abonent kartasiga amalda sarflanmagan tabiiy gaz hajmlari kiritish orqali undirilgan 726 mln 314 ming so‘m mablag‘ asossiz ekanligi aniqlanib, tadbirkorlik subyekti foydasiga qayta hisob-kitob qilinishi taʼminlandi. Maxsus komissiya tomonidan gaz taʼminoti korxonasiga nisbatan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilib, tegishli ko‘rsatma berildi.
Xuddi shu kabi, Jizzax shahridagi “Sofitel” MCHJ shaklidagi O‘zbek-Xitoy qo‘shma korxonasining ham murojaati o‘rganib chiqilib, “Hududgaz Jizzax” gaz taʼminoti filiali tomonidan tadbirkorlik subyektiga nisbatan asossiz ravishda belgilangan tarifni 2 baravari qo‘llanilishi natijasida 1 mlrd 107 mln 914 ming so‘m noto‘g‘ri hisoblangani aniqlanib, Maxsus komissiya tomonidan belgilangan tartibda gaz taʼminoti korxonasiga nisbatan ish qo‘zg‘atilgan va mazkur mablag‘larni qo‘shma korxona foydasiga qayta hisob-kitob qilish bo‘yicha tegishli qaror qabul qilinib, ko‘rsatma berilgan.