Jismoniy va yuridik shaxslar huquqlari ishonchli himoya qilinadi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, huquqni qo‘llashda yagona amaliyotni ta’minlashga to‘sqinlik qiluvchi, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni keltirib chiqaruvchi hamda aholi va tadbirkorlarning ortiqcha sarson bo‘lishiga sabab bo‘luvchi ayrim normalarni chiqarib tashlash huquqiy jihatdan tartibga solish zarurati yuzaga kelyapti.
Shundan kelib chiqib, “Qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risida”gi Qonunni “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiqlashtirish maqsadida aksiyalarni aksiyadorlik jamiyati bilan bir qatorda aksiyadorlar ham imtiyozli huquq asosida (to‘g‘ridan to‘g‘ri) sotib olishi mumkinligi belgilanmoqda.
Shuningdek, yig‘imlarni joriy etish tartibi faqat qonunlarda belgilanishi nazarda tutilmoqda. Bundan tashqari, loyiha bilan Vazirlar Mahkamasining maktabgacha ta’lim va tarbiyaning davlat standartini tasdiqlash vakolatini Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga o‘tkazilmoqda.
Deputatlarning takliflaridan kelib chiqib, ushbu qonun loyihasi bilan davlat o‘rmon xo‘jaligi organlari tomonidan o‘rmon fondi yerlarini onlayn-auksion orqali ijaraga berish tartibi amaldagi qonunchilik talablariga muvofiq faqatgina o‘rmon fondining foydalanilmayotgan yerlariga nisbatan tatbiq etilishi belgilab qo‘yilmoqda.
Majlisda ushbu hujjat huquqni qo‘llashda yagona amaliyotni ta’minlash, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlarini ishonchli himoya qilish bilan bog‘liq munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solishga xizmat qilishi qayd etildi.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilindi va Senatga yuborildi.