Jianhua Ceramics Farg‘onada kulolchilik ishlab chiqarishga 50 million dollar sarmoya kiritdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Xitoyning Jianhua Ceramics kompaniyasi tomonidan “Qo‘qon” EIZ hududida amalga oshirilayotgan yirik investisiya loyihasi yakuniy bosqichga kirdi.
Bu haqida viloyat hokimi Xayrullo Bozorov qabulida bo‘lgan kompaniya rahbari Vu Xon Syan ma‘lum qildi.
Keramika mahsulotlari va kafelь ishlab chiqarish yo‘nalishidagi mazkur loyihaga xitoylik investorlarning 50 mln. dollar to‘g‘ridan - to‘g‘ri investisiyasi jalb qilingan.
Ishlab chiqarilgan mahsulotlar asosan ichki bozorga, shuningdek, qo‘shni davlatlarga eksportga chiqarilishi ko‘zda tutilgan.
Uchrashuvda loyihani ishga tushirish bilan bog‘liq texnik jarayonlar, zaruriy muhandislik - kommunikasiya tarmoqlarini tortish ishlarining holati, ish o‘rinlarini yaratish masalalari haqida so‘z bordi.
Jianhua Ceramics rahbari loyiha har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotgani uchun minnatdorlik bildirib, mart oyida ishlab chiqarishni boshlash rejalashtirilayotganini ta‘kidladi.