Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Xitoyning Jiangsu Tonke Real Estate Co., Ltd. kompaniyasi «Yangi Namangan» shaharchasida umumiy qiymati 750 million dollarga teng bo‘lgan turar-joy, savdo va ijtimoiy majmualarni barpo etishni rejalashtirmoqda, deb xabar berdi Namangan viloyati hokimligi matbuot xizmati.
Jiangsu Tonke Real Estate Co., Ltd. kompaniyasi prezidenti, Szyansu viloyati maslahat kengashi a’zosi Yan Bo boshchiligidagi delegatsiya «Yangi Namangan» shaharchasiga tashrif buyurib, qurilish uchun maydonlarni tanladi.
9-yanvar kuni TK China town Namangan xorijiy korxonasi ro‘yxatdan o‘tkazildi.
Yagona davlat reyestri ma’lumotlariga ko‘ra, 500 million so‘m ustav fondiga ega bo‘lgan mazkur kompaniyaning asosiy faoliyati turar-joy binolarini qurishdan iborat. Korxonaning yagona muassisi va direktori Yan Bo hisoblanadi.
Loyiha doirasida 66 gektar maydonda turar-joy majmualari, ofis, savdo va servis infratuzilmalari, bolalar bog‘chasi, maktab va masjid qurilishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, xitoylik investorlar «Namanganmash» korxonasi faoliyati bilan tanishib, Uchqo‘rg‘on tumanidagi DB Group baliqchilik klasteri hamda Chortoqdagi «Urikzor» kichik sanoat zonasiga tashrif buyurishdi.
«Yangi Namangan» loyihasining birinchi bosqichi doirasida 330 gektar maydonda 8,5 mingta kvartiraga ega bo‘lgan 184 ta uy qurildi. Shuningdek, 145 gektar yerda tashkil etilgan kichik sanoat zonalarida 10 mingta yangi ish o‘rinlari yaratildi.
2022-yil mart oyida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev shaharchaning ikkinchi bosqichi qurilish loyihasi bilan tanishgan edi. Ushbu bosqich doirasida 272 gektar maydonda 20 mingta kvartiraga ega bo‘lgan 171 ta uy qurilishi rejalashtirilgan.