Valyuta kurslari 02/12/2024
$1 – 12852.00
UZS – -0,1%
€1 – 13569.14
UZS – 0,14%
₽1 – 118.99
UZS – 1,94%
Qidirish
O‘zbekiston 14/11/2024 Jenevada O‘zbekistonning reabilitatsiya va reintegratsiya qilish bo’yicha tajribasiga bag’ishlangan taqdimot bo’lib o’tdi

Jenevada O‘zbekistonning reabilitatsiya va reintegratsiya qilish bo’yicha tajribasiga bag’ishlangan taqdimot bo’lib o’tdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2024-yil 11-noyabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Jenevadagi shtab-kvartirasida “Suriyaning shimoli-sharqidan qaytganlarni samarali reabilitatsiya va reintegratsiya qilish – O‘zbekiston tajribasi – globallikdan mahalliy darajagacha” mavzusida yuqori darajadagi tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) va Global hamkorlik va barqarorlik fondi (GCERF) tomonidan tashkil etildi.

Tadbirdan ko’zlangan maqsad qurolli mojaroli hududlardan qaytganlarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilish masalalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi tajribasini taqdim etish hamda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yaqinda tashkil etilgan Mintaqaviy ekspertlar kengashi faoliyatini ochiqlash.
Anjumanda BMT Bosh kotibi o‘rinbosari Vladimir Voronkov, BMT Xavfsizlik Kengashining Terrorizmga qarshi kurash qo‘mitasi ijroiya direksiyasi rahbari Natalya German, Global hamkorlik va barqarorlik fondi direktori Xalid Koser, Xavfsizlik siyosati bo‘yicha Jeneva markazi direktori Tomas Greminger, shuningdek, Markaziy Osiyo, Yevropa Ittifoqi mamlakatlarining BMTning Jeneva bo’linmasidagi doimiy vakillari ishtirok etdi. 
 
Tadbir davomida 2019-yildan buyon mintaqa davlatlari Suriya va Iroqdagi qurolli mojaroli hududlardan 2200 nafarga yaqin fuqarosini, asosan ayollar va bolalarni vataniga qaytargani alohida qayd etildi. Maxsus reabilitatsiya va reintegratsiya dasturlari ularning osoyishta hayotga qaytishiga va o'z oilalari va jamiyatlari bilan munosabatlarini tiklash imkonini berdi.
Eldor Aripov o’z nutqida O‘zbekiston Respublikasining terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashdagi yangicha yondashuvlarini bayon etdi. 

Asosiy e’tibor ta’lim va jaholatga qarshi kurashish masalalariga qaratilayotgani ta’kidlandi. Mamlakatda Islom dinining insonparvarlik va tinchliksevar mohiyati, uning Markaziy Osiyo sivilizatsiyasi taraqqiyotidagi o‘rni haqidagi haqiqiy bilimlarni ommalashtiradigan Xalqaro Islom akademiyasi, Imom Buxoriy, Termiziy, Moturudiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, shuningdek, Xalqaro islom sivilizatsiyasi markazi faoliyat ko‘rsatmoqda. 

Diniy siyosat bag’rikenglik va inklyuzivlik tamoyiliga asoslanadi. O‘zbekistonda ekstremizm va radikalizm tarqalishiga millatlararo va dinlararo totuvlikni qo’llab quvvatlash samarali to‘siq bo’lib xizmat qilmoqda. 

O‘zbekiston xalqaro majburiyatlarni bajarish doirasida birinchilardan bo‘lib o‘z fuqarolarini qurolli mojaroli hududlardan vataniga qaytardi. 2019-yildan buyon 530 dan ortiq O‘zbekiston fuqarosi, asosan ayollar va bolalar o‘z yurtlariga qaytarildilar. Ularga tibbiy, ijtimoiy va psixologik yordam ko‘rsatildi. Kasbiy ta’lim va bandlik dasturlari ishlab chiqildi.

Fuqarolik jamiyati va mahalliy hamjamiyat reabilitatsiya jarayonlarida faol ishtirok etmoqda. Ish gender va yosh xususiyatlarini sinchkovlik bilan hisobga olish asosida quriladi.

BMTning terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi boshlig’i Vladimir Voronkov BMTga a’zo davlatlar uchun O‘zbekiston tajribasidan kelib chiqqan holda reabilitatsiya va reintegratsiya qilish strategiyasini ishlab chiqish dolzarb ekanligini ta’kidladi. Toshkentning ushbu modeli inson huquqlari va qadr-qimmatini ta’minlashga qaratilgan bo‘lib, reabilitatsiya va reintegratsiya jarayonlarida muhim ahamiyatga egaligi qayd etildi.

O‘zbekistonning reabilitatsiya va reintegratsiya sohasidagi yetakchiligi haqida gapirar ekan, Global hamkorlik va barqarorlik fondi direktori Xalid Koser O‘zbekiston modeli boshqa davlatlar uchun yo‘l xaritasi bo‘lib xizmat qilishini alohida ta’kidladi. Bu usul fuqarolarni qurolli mojaro hududlardan qanday qilib samarali, insonparvar va inson huquqlarini hurmat qilgan holda qaytarish mumkinligini ko'rsatdi.

Shu nuqtai nazardan, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan 2024-yilda BMTning Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi shafeligida tashkil etilgan Reabilitatsiya va reintegratsiya qilish masalalari bo‘yicha mintaqaviy ekspertlar kengashi faoliyatining muhokamasi konferensiyaning muhim masalalaridan biri bo‘ldi. Kengash Markaziy Osiyoning barcha davlatlaridan ekspert va mutaxassislarni birlashtirgan. Uning doirasida qaytarilagan shaxslarning normal va to’laqonli hayotga muvaffaqiyatli integratsiyalashuvini ta'minlaydigan bilimlar, usullar va dasturlar to'planadi.
 
“O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Toshkentda tashkil etilgan Kengash bu borada ilg‘or tajriba va o‘rganilgan saboqlar almashishni kuchaytirishga ko‘maklashishiga ishonchim komil”, – deya qayd etdi BMT Xavfsizlik kengashi Terrorizmga qarshi kurash qo'mitasi ijroiya direksiyasi rahbari Natalya German. 

YXHTning terrorizmga qarshi kurash bo‘limi rahbari o‘rinbosari Feizo Numanay Tashkilot 2024-yil may oyida Reabilitatsiya va reintegratsiya qilish masalalari bo‘yicha mintaqaviy ekspertlar kengashini tashkil etish bo‘yicha konferensiya hamkor tashkilotchisi sifatidagi rolidan faxrlanishini ta’kidladi. Uning soʻzlariga koʻra, “Vakillarimiz bir necha mahallalarda boʻlib, odamlarni reabilitatsiya qilish va integratsiyalashuvi boʻyicha amalga oshirilayotgan ulkan ishlarni koʻrganlarida, Toshkentdagi mahalliy hamjamiyatlarning faoliyati YXHTda katta taassurot qoldirdi”.

YeIning Jenevadagi BMT va boshqa xalqaro tashkilotlardagi delegatsiyasi xodimi Mattia Toaldo Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyoda xavfsizlikni taʼminlashda yordamini davom ettirishga, jumladan, fuqarolarni qurolli mojaroli hududlardan vataniga qaytarish masalalarida tayyorligini bildirdi. “Oʻzbekiston asosiy hamkor va biz mintaqada barqarorlikni saqlashga qaratilgan tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlashda davom etish niyatidamiz”, — dedi diplomat.

BMTning Jeneva bo’linmasidagi Markaziy Osiyo davlatlarining doimiy vakillari ham mintaqaning barqaror rivojlanishi va xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha bir-birlarining sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlagan holda ochiqlik va ishonch tamoyillari asosida Mintaqaviy ekspertlar kengashi doirasida o‘zaro hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Jenevada boʻlib oʻtgan tadbir terrorizm va ekstremizm muammosini hal etish boʻyicha global va mintaqaviy saʼy-harakatlarni muhokama qilishda muhim bosqich boʻldi, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari, BMT va xalqaro tashkilotlar oʻrtasidagi hamkorlikni davom ettirish muhimligini ko’rsatdi.

Tadbir yakunida, barcha ishtirokchilar qaytganlarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilish bo’yicha umumiy sa’y-harakatlarni qo’llab-quvvatlashga qaratilgan qo’shma dasturlarni ishlab chiqish va hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
 

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling