Valyuta kurslari 26/12/2024
$1 – 12928.27
UZS – 0,14%
€1 – 13462.21
UZS – 0,35%
₽1 – 129.66
UZS – 0,44%
Qidirish
O‘zbekiston 25/12/2024 Jarima miqdori kamaytirilmoqda

Jarima miqdori kamaytirilmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisida “Valyutani tartibga solish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 111-moddasiga aktivlarni repatriatsiya qilish talablarini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha aktivlarni belgilangan muddatlarda repatriatsiya qilinmaganligi uchun qo‘llaniladigan uch bosqichli jami 50 foizli jarima qo‘llash tartibi tadbirkorlik subyektlariga bir qator qiyinchiliklarni keltirib chiqarmoqda. Jumladan, jazo qo‘llash tizimi o‘zaro muvofiqlashtirilmaganligi hamda ko‘p bosqichdan iboratligi tadbirkorlik subyektlarini ortiqcha mablag‘ va vaqtini sarf qilishiga sabab bo‘lyapti.

Muhokamalarda deputatlar amaldagi tartibni bekor qilib, uning o‘rniga qaytmagan aktivlarning 20 foizi miqdorida bir martalik moliyaviy jarimani qo‘llash tartibi joriy etilayotganligini ma’qulladilar. Tadbirkorlik subyektlariga tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha aktivlarning repatriatsiya qilinishini ta’minlamaganlik uchun jarimalar qo‘llanilmasligi bo‘yicha bir qator huquqiy normalar belgilanayotganligi ijobiy baholandi. Xususan, repatriatsiya qilinmagan aktivlar summasi tegishli tashqi savdo kontrakti doirasida amalga oshirilgan operatsiyalar summasining 10 foizidan oshmagan taqdirda jarima qo‘llanilmasligi belgilanmoqda.

Bundan tashqari, asbob-uskunalar va butlovchi qismlar importiga oid kontraktda ularni yetkazib berish muddati bir yuz sakson kundan ortiq etib belgilangan bo‘lsa, mazkur operatsiya bo‘yicha aktivlarni repatriatsiya qilish muddati, deb kontraktda ko‘rsatilgan yetkazib berish muddati hisoblanishi belgilanligi tadbirkorlik subyektlariga tashqi savdo operatsiyalarni amalga oshirishda qulaylik yaratadi.

Deputatlarning fikricha, qonun loyihasi investitsiya loyihalari doirasida tashqi savdo operatsiyalarini amalga oshirishda qulayliklar yaratish va aktivlarni belgilangan muddatlarda repatriatsiya qilinishini ta’minlashga xizmat qiladi.

Moddama-modda muhokamalardan so‘ng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling