Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Muan aeroportida samolyot uchish-qo‘nish yo‘lagi hududidan chiqib ketib, to‘siqqa urilib halokatga uchradi. Yonhap agentligining ma’lum qilishicha, bortida 181 kishi bo‘lgan havo kemasidan faqat ikki kishi tirik qoldi, deb xabar beradi DW.
Janubiy Koreyaning Muan viloyatida Jeju Air aviakompaniyasining Boeing 737-800 samolyoti noxush qo‘nish natijasida halokatga uchradi, buning natijasida kamida 179 kishi hayotdan ko‘z yumdi. Bangkokdan kelgan havo kemasi uchish-qo‘nish yo‘lagida yo‘nalishdan chiqib ketib, to‘siqqa urilgani haqida 29-dekabr, yakshanba kuni Reuters agentligi xabar berdi.
MBC mahalliy telekanali tomonidan berilgan videomateriallarga asoslanib, AFP agentligi samolyotning qo‘nish vaqtida dvigatellaridan tutun chiqqanini, shundan so‘ng yong‘in havo kemasini qamrab olganini ma’lum qildi. Boshqa manbalarga ko‘ra, yong‘in avval havo kemasining orqa qismida paydo bo‘lgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, halokatning sababi qo‘nish vaqtida samolyotning qushlar bilan to‘qnashuvi bo‘lgan. Buning oqibatida shassilari ishlamagan va havo kemasi nazoratsiz holda uchish-qo‘nish yo‘lagi bo‘ylab “silib ketgan”.
Samolyot bortida 181 kishi, jumladan, 175 yo‘lovchi va olti ekipaj a’zosi bor edi. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, yo‘lovchilarning 173 nafari Janubiy Koreya fuqarosi, ikkita yo‘lovchi esa Tailand fuqarolari edi. Yonhap agentligining milliy yong‘in xizmatiga tayanib xabar qilishicha, faqat ikki kishi tirik qolgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, omon qolganlarning biri ekipaj a’zosi, ikkinchisi esa yo‘lovchi.
Avvalroq havo kemasining orqa qismidan joy olgan yo‘lovchilardan kamida 29 nafari halok bo‘lgani haqida xabar qilingan edi. Keyinchalik hukumat 62 kishining halok bo‘lganini tasdiqladi.
Janubiy Koreyaning vaqtincha prezidenti vazifasini bajaruvchi Chhve San Mok vaziyat yuzasidan favqulodda shtab tuzishni buyurdi. Bu mamlakatda davom etayotgan siyosiy inqiroz tufayli o‘z lavozimidan chetlatilgan Xan Dok Suning o‘rniga vaqtincha rahbar sifatida tayinlangan edi.
Muan aeroportida barcha ichki va xalqaro reyslar bekor qilingani haqida Yonhap xabar berdi. Aeroport Seuldan 288 km masofada joylashgan.