Valyuta kurslari 05/02/2025
$1 – 12998.91
UZS – 0,11%
€1 – 13439.57
UZS – 1,16%
₽1 – 131.29
UZS – 1,12%
Qidirish
Iqtisod 23/01/2025 Jamshid Qo‘chqorov Al Arkkan Training Center delegatsiyasi bilan muzokaralar o‘tkazdi

Jamshid Qo‘chqorov Al Arkkan Training Center delegatsiyasi bilan muzokaralar o‘tkazdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 22-yanvar kuni Saudiya Arabistonining “Al Arkkan Training Center” kompaniyasi ijrochi direktori Muhammad Alfassam boshchiligidagi delegatsiya vakillari hamda O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri o‘rinbosari – Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda “Al Arkkan Training Center” kompaniyasining moliya direktori Faysal Siddiq, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agenligi direktori Behzod Musayev, Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosarlari Ilhomjon Umrzakov va Otabek Fozilkarimov hamda boshqa mas’ul vakillar ishtirok etdi.

Al Arkkan Training Center – turli sohalar bo‘yicha professional rivojlanish va ta’lim xizmatlarini taqdim etuvchi o‘quv markazi bo‘lib, yuqori malakali mutaxassislar va xalqaro standartlarga asoslangan kurslar orqali bilim olish imkonini beradi. Ushbu markaz mintaqaviy va xalqaro bozor ehtiyojlarini qondirish maqsadida tashkil etilgan.

O‘z faoliyatini moliyaviy va biznes ta’limi, professional sertifikatlash kurslari, raqamli texnologiyalar va IT-ta’lim, shaxsiy va korporativ rivojlanish dasturlari va boshqa yo‘nalishlarda olib boradi.

Uchrashuv davomida tomonlar inson kapitalini rivojlantirish, xususan, oziq-ovqat xavfsizligi sohasida umumiy ovqatlanish yo‘nalishlarida faoliyat olib boruvchilar hamda sog‘liqni saqlash sohasidagi xodimlarni xalqaro standartlar asosida o‘qitish, kasb-hunar ta’limi sohasida kompaniya tajribasi va amalga oshirilgan loyihalar, shuningdek, shakllantirilayotgan loyihalar yuzasidan takliflarni muhokama qildi.

Shuningdek, muhokamalar davomida yuqorida qayd etilgan yo‘nalishlarda davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish istiqbollari, hamshiralarni xorij tillariga o‘qitish va qisqa muddatli kasbiy ko‘nikmalarini oshirish, xususan, malakali tibbiyot xodimlari va hamshiralar tayyorlash uchun xalqaro standartlar asosida o‘quv maskanini tashkil etish yuzasidan fikr almashdi.

Muzokaralar yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish va kengaytirish hamda belgilangan yo‘nalishlarda tizimli va samarali faoliyat olib borishga kelishib oldi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling