Jahon savdo tashkiloti a’zoligiga kirish yanada jadallashadi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Bozor islohotlari va O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zoligi yanada jadallashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Mamlakatimizning xalqaro iqtisodiyotga to‘liq integratsiyasini ta’minlash, milliy qonunchilikni xalqaro standartlarga uyg‘unlashtirish, monopol sohalarni bozor tamoyillariga izchil o‘tkazish, iqtisodiyotda xususiy sektor ulushini oshirish va tadbirkorlarga erkin faoliyat yuritishi uchun eng qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, bozor islohotlari va O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga to‘laqonli a’zoligi doirasida davlat ishtirokidagi ayrim yirik korxonalarning maxsus (eksklyuziv) huquqlari bosqichma-bosqich bekor qilinmoqda.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining JSTga a’zo bo‘lishi doirasida Milliy qonunchilikni Jahon savdo tashkiloti bitimlariga uyg‘unlashtirish ushbu tashkilotga a’zo bo‘lishning asosiy shartlaridan biri hisoblanadi. JSTning Tariflar va savdo bo‘yicha bosh bitimida a’zo davlatlar savdodagi tariflar va boshqa to‘siqlarni sezilarli darajada kamaytirishi lozimligi ta’kidlangan.
Qonun loyihasi bilan “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi va “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish belgilanmoqda. Ya’ni, qora va rangli metall lomi va chiqindilarini tayyorlash (xarid qilish), qayta ishlash va realizatsiya qilish, shuningdek, tabiiy gazning ulgurji va chakana savdosi bo‘yicha faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziyalash tartibini joriy etish nazarda tutilmoqda.
Qonun loyihasi qora va rangli metall lomi hamda chiqindilari, tabiiy gaz savdosi sohasiga xususiy sektor va innovatsiyani jalb qilish, raqobat va ochiq bozor muhitini yaratishga qaratilgan.
Muhokamalardan so‘ng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.