Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 30-yanvar kuni Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Ilhom Umrzakov Jahon bankining moliya sektori bo‘yicha missiyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda Jahon bankining moliya sektori bo‘yicha bosh mutaxassisi Valeriya Goffe, O‘zbekistondagi dastur koordinatori Anastasiya Aleksandrova va qator mutaxassislar, shuningdek, vazirlikning Davlat aktivlarini xususiylashtirish va transformatsiya qilish departamenti vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuvda moliya sektorini isloh qilish masalalari yuzasidan muzokaralar bo‘lib o‘tdi. O‘rtacha muddatdagi natijalar, islohotlar jarayoni va kelgusi bosqichlardagi ustuvor yo‘nalishlar ko‘rib chiqildi.
Jahon banki vakillari O‘zbekistonda davlat banklarini xususiylashtirishni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarni alohida ta’kidlab, bu yo‘nalishdagi samaradorlikni oshirish bo‘yicha hamkorlik muhim ekaniga urg‘u berdi.
Muhokamalarda moliya sohasida kadrlar tayyorlash bo‘yicha Bank-moliya akademiyasining salohiyatini oshirish, davlat banklari uchun maxsus o‘quv kurslarini yo‘lga qo‘yish masalasi ham ko‘tarildi. Jahon banki vakillari bunday tashabbuslarning ahamiyati yuqori ekanini qayd etib, bu orqali moliya sohasidagi mutaxassislar malakasini oshirishga erishish mumkinligini bildirdi.
Bundan tashqari, raqamli transformatsiya va sug‘urta bozorini rivojlantirish kabi yo‘nalishlar ham muhokama qilindi. Yig‘ilish yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash va aniq chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqishga kelishib oldi.