Italiyadan O‘zbekistonga turistik oqim 13,5% ga oshdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Milliy statistika qo‘mitasi maʼlumotlariga ko‘ra, 2025 yilning yanvar–may oylarida O‘zbekistonga turli maqsadlarda 17,4 ming nafar Italiya fuqarosi tashrif buyurdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2,1 ming kishiga yoki 13,5% ga ko‘pdir.
Italiyaliklar tashrifining asosiy maqsadini turizm tashkil etmoqda — 16 410 nafar sayyoh O‘zbekistonga sayohat qilish niyatida kelgan. Shuningdek, 530 kishi qarindoshlarini ziyorat qilish, 400 nafar kishi xizmat safari, 43 kishi esa taʼlim olish maqsadida tashrif buyurgan.
Ko‘rsatkichlar o‘sishi Italiyalik sayyohlar tomonidan O‘zbekistonga bo‘lgan barqaror qiziqishni hamda ikki davlat o‘rtasidagi madaniy va gumanitar aloqalar mustahkamlanayotganini anglatadi.
O‘zbekistonning Yevropa yo‘nalishidagi turizm salohiyatini faol targ‘ib etish, viza siyosatini yaxshilash va turizm infratuzilmasini rivojlantirish xorijiy mehmonlar soni oshishiga xizmat qilmoqda.