Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — IT Park Uzbekistan bosh direktori Farhod Ibragimov boshchiligidagi vakillari hamda “Ernst & Young” (EY) delegatsiyasi, jumladan “EY Caucasus and Central Asia” maslahat xizmatlari bo‘yicha hamkori Kseniya Babushkina va biznes maslahatlar bo‘yicha hamkori Ruta Makarevichute ishtirokida 9-yanvar kuni O‘zbekistonning raqamli texnologiyalar infratuzilmasida muhim o‘rin tutadigan “Enterprise Uzbekistan” Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi loyihasini amalga oshirish bo‘yicha asosiy masalalarni muhokama qildilar.
Muhokamaning asosiy jihati “Enterprise Uzbekistan” loyihasining maqomi va uni keyingi rivojlantirish bo‘ldi. IT Park va “EY” eng yaxshi xalqaro amaliyotlarga muvofiq tartibga solishni, shu jumladan xalqaro bank xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini ta’minlaydigan maxsus huquqiy rejim yaratishga e’tibor qaratdilar. Ushbu rejim eksport kompaniyalari, startaplar va xorijiy investorlar uchun eng qulay sharoitlarni yaratadi.
Farhod Ibragimov “Enterprise Uzbekistan”ning muhim qismi markazning barcha rezidentlari uchun huquqiy himoyani ta’minlaydigan mustaqil sud tizimi bo‘lishini ta’kidladi. Noyob huquqiy baza, shuningdek, jalb etilgan xalqaro moliya institutlari markazning xalqaro jozibadorligini yanada oshirishini ta’kidladi.
Shu bilan birga, joriy yil may oyida bo‘lib o‘tadigan IV Toshkent xalqaro investitsiya forumiga tayyorgarlik masalasiga alohida e’tibor qaratildi. “Enterprise Uzbekistan”ning rasmiy ochilishiga bag‘ishlangan bir qator tadbirlar o‘tkazilishi, shuningdek, samarali tartibga solish ekotizimini yaratish uchun me’yoriy-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish rejalashtirilgan.
“EY” va IT Park kabi yetakchi kompaniyalar ko‘magida O‘zbekistondagi Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi loyihasi texnologiyalarni rivojlantirish va xalqaro investitsiyalarni jalb qilish uchun noyob sharoitlarni yaratishga xizmat qiladi. “Enterprise Uzbekistan” nafaqat O‘zbekistonning raqamli transformatsiya strategiyasining asosiy elementiga aylanadi, balki mintaqada ishbilarmonlik muhitini yaxshilash uchun muhim qadam bo‘lib, mamlakatga Markaziy Osiyoda yuqori texnologiyalar markazi sifatida o‘z mavqeyini mustahkamlash imkonini beradi.