Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Istanbulda (Turkiya) qalbaki spirtli ichimlik iste’mol qilish oqibatida O‘zbekistonning o‘n nafar fuqarosi hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi xabar berdi.
Avvaliga olti nafar qurbon — besh erkak va bir ayol haqida ma’lum qilingan edi. Biroq, keyinchalik konsulxona ma’lumotni yangilab, halok bo‘lganlar soni oshganini ma’lum qildi: yana to‘rt nafar O‘zbekiston fuqarosi qalbaki spirtli ichimlik tufayli zaharlanib, hayotdan ko‘z yumgan. Shu tariqa, jami halok bo‘lganlar soni o‘n kishiga yetdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Istanbulda qalbaki spirtli ichimlik iste’mol qilish natijasida bir necha o‘nlab kishi jabr ko‘rgan, ularning asosiy qismi chet el fuqarolaridir.
Mahalliy huquqni muhofaza qilish organlari qalbaki spirtli ichimlik ishlab chiqarish va tarqatishda ayblanayotgan ikki nafar Turkmaniston fuqarosini qo‘lga oldi. Ularga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atilgan bo‘lib, politsiya tomonidan surishtiruv ishlari davom etmoqda.