Istanbulda o‘ldirilgan O‘zbekiston fuqarosi: Bosh konsullik vaziyatga izoh berdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 17-avgust kuni Turkiya Respublikasining Istanbul shahri, Umraniye tumanida Samarqand viloyatidan kelib vaqtinchalik mehnat faoliyati bilan shug‘ullanib kelgan, 35 yoshli O‘zbekiston fuqarosi N.S. eri, O‘zbekiston fuqarosi U.S. tomonidan rashk oqibatida pichoqlab o‘ldirildi.
Istanbul politsiyasi tomonidan olib borilgan qidiruv ishlari davomida gumondor 18-avgust kuni ertalab Umraniye hududida qo‘lga olindi. Shuningdek, jinoyatchini yashirinishda yordamlashganlikda gumon qilinayotgan, asli Jizzah viloyatidan bo‘lgan B.O. ham politsiya tomonidan ushlandi.
Surishtiruv ishlari yakuniga yetgach, 19-avgust kuni gumonlanuvchilarga nisbatan sud tomonidan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Hozirda hodisa yuzasidan tergov ishlari davom etmoqda.
O‘zbekiston Bosh konsulligi marhumning jasadini O‘zbekistonga olib kelish uchun barcha zarur hujjatlar to‘ldirilganini, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi tomonidan bu borada har tomonlama yordam berilayotgani haqida xabar bermoqda.