Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 22-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Misr Arab Respublikasining Favqulodda va Muxtor Elchisi Tamer Fathi Abdussalom Hammad bilan uchrashdi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston bilan Misr o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikning bugungi holati muhokama qilindi, tovar ayirboshlash hajmini oshirish bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar belgilab olindi va kun tartibidagi boshqa dolzarb masalalar ham ko‘rib chiqildi.
Ikki tomonlama hamkorlik izchil ortib borayotgani ta’kidlandi. 2023-yilda eksport asosan to‘qimachilik, farmatsevtika, elektrotexnika mahsulotlari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va xizmatlari yetkazib berish hisobiga 110 foizga oshdi.
Misr kompaniyalari bilan hamkorlikda oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish, geologiya-qidiruv va ichimlik suvi tizimini takomillashtirish bo‘yicha qator loyihalar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekistonda Misr kapitali ishtirokida 15 ta korxona faoliyat yuritmoqda.
Muzokaralar yakunlari bo‘yicha tomonlar raqamli iqtisodiyot, to‘qimachilik sanoati, transport-logistika, farmatsevtika, mashinasozlik, tog‘-kon va fitosanitariya kabi sohalarda hamkorlik hajmini oshirish maqsadida ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari o‘rtasida davra suhbatlari o‘tkazishga, shuningdek, yaqin orada Hukumatlararo qo‘shma komissiya yig‘ilishini tashkil etishga kelishib oldilar.