Isroil Donald Tramp taklifiga ko‘ra Eron bilan sulhga rozilik bildirdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 24 iyun kuni Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning devoni AQSH Prezidenti Donald Tramp tomonidan taklif etilgan Eron bilan o‘t ochishni to‘xtatish rejasiga Isroilning rasman rozi ekanini tasdiqladi. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.
Bundan avval Donald Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida Isroil va Eron «to‘liq va umumiy» sulh to‘g‘risida kelishuvga erishganini maʼlum qilgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu kelishuv har ikki tomonning amaldagi operatsiyalari yakunlanganidan taxminan olti soat o‘tgach kuchga kiradi. Sulh bosqichma-bosqich amalga joriy etiladi: avval uni Eron bajara boshlaydi, 12 soatdan so‘ng esa Isroil qo‘shiladi, va 24 soat o‘tgach, 12 kunlik mojaro rasman tugatilgani eʼlon qilinadi.
Tramp, shuningdek, har ikki davlatga vaziyatni keskinlashtirmaslik, sabr-toqat, jasorat va aql-zakovat namoyon etgani uchun minnatdorlik bildirdi. Aynan shu fazilatlar mintaqani uzoq va vayronkor urushdan saqlab qolishga yordam berganini taʼkidladi.
Keyinroq Tramp sulh rejimi amalga kirganini tasdiqladi va tomonlarni unga qatʼiy rioya qilishga chaqirdi.