Valyuta kurslari 25/07/2025
$1 – 12653.48
UZS – -0,85%
€1 – 14871.64
UZS – -0,71%
₽1 – 159.75
UZS – -1,79%
Qidirish
Dunyo 24/07/2025 Ish joylarida sunʼiy intellekt: BCG texnologiyalar va boshqaruv o‘rtasidagi tafovutlar haqida ogohlantirmoqda

Ish joylarida sunʼiy intellekt: BCG texnologiyalar va boshqaruv o‘rtasidagi tafovutlar haqida ogohlantirmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Boston Consulting Group (BCG) tomonidan tayyorlangan yangi hisobotga ko‘ra, sunʼiy intellekt (SI) ko‘plab tashkilotlarda ish jarayonining ajralmas qismiga aylangan bo‘lsa-da, undan haqiqiy qiymat faqatgina ish jarayonlarini tubdan qayta ko‘rib chiqqan va transformatsiyani ustuvor vazifa qilib olgan kompaniyalarda ko‘zga tashlanmoqda.

ChatGPT va global tafovutlar: faollik yuqori, lekin bir xil emas

11 mamlakatdagi 10 600 nafar xodim o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnoma asosida tayyorlangan BCG‘ning “2025 yilda ish joyida SI: dinamika o‘smoqda, lekin tafovutlar saqlanmoqda” nomli hisobotiga ko‘ra, dunyo bo‘ylab xodimlarning 72 foizi sunʼiy intellektdan muntazam foydalanmoqda. Ammo, oddiy xodimlar orasida bu ko‘rsatkich 51% ni tashkil qilmoqda va o‘tgan yillardan farq qilmaydi.

SIdan eng ko‘p foydalanayotganlar — Hindiston (92%) va Yaqin Sharq (87%) kabi Global Janub mamlakatlarida. Shu bilan birga, aynan shu mintaqalarda avtomatizatsiyadan eng ko‘p xavotir bildirilayotgani kuzatilgan: Yaqin Sharqda 63%, Hindistonda esa 48% xodim o‘z kasblarining kelgusi 10 yil ichida yo‘qolishidan qo‘rqmoqda (jahon bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkich — 41%).

SI keng joriy etilishiga to‘sqinlik qilayotgan 3 asosiy omil

Hisobotga ko‘ra, kompaniyalarda SIdan keng foydalanishga asosan uchta omil to‘sqinlik qilmoqda:

Birinchidan, sifatli o‘quv kurslarining yetishmasligi. Faqatgina 36% xodimlar yetarli tayyorgarlikka ega ekanini taʼkidlamoqda. 5 soatdan ko‘p va mentorlar ishtirokidagi amaliy o‘quvlardan o‘tganlar orasida SIdan foydalanish darajasi ancha yuqori.

Ikkinchidan, vositalarga cheklangan kirish. 54% xodim, asosan Z avlodi va milleniallar, SI vositalari rasman tasdiqlanmagan bo‘lsa-da, ulardan foydalanishga tayyor. Bu «soyadagi foydalanish» holatlariga olib kelib, xavfsizlikka tahdid soladi.

Uchinchidan, rahbariyat tomonidan yetarli qo‘llab-quvvatlashning yo‘qligi. Faqatgina har to‘rtinchi xodim SIdan qanday foydalanish bo‘yicha aniq yo‘l-yo‘riq olayotganini taʼkidlamoqda. Ijobiy misol sifatida esa rahbariyat faol ishtirok etayotgan kompaniyalarda xodimlar faolligi va texnologiyaga ishonchi yuqori ekani ko‘rsatilgan.

SIdan haqiqiy samara — faqat vosita emas, balki jarayonlarni o‘zgartirish orqali

Faqatgina generativ SI vositalarini joriy etish yetarli emas. Yaxshi natija quyidagi hollarda ko‘zga tashlanadi: rahbariyat SIni strategik ustuvor vazifa sifatida ko‘radi, xodimlar tayyorgarligiga sarmoya kiritadi va ish jarayonlarini qayta ko‘rib chiqadi.

Bunday kompaniyalar samaradorlikni aniq ko‘rsatkichlar orqali baholaydi: vaqt tejalishi, resurslarni strategik vazifalarga yo‘naltirish, qaror qabul qilishda ishonch oshishi va jamoaviy ishni yaxshilash.

SI-agentlar — keyingi bosqich

Xodimlarning 75% SI-agentlar — mustaqil vazifalarni bajara oladigan intellektual raqamli yordamchilar — kelajakda muhim rol o‘ynaydi, deb hisoblaydi. Ammo hozircha faqatgina 13% tashkilotlarda ular kundalik faoliyatga joriy qilingan. Shu bilan birga, faqat har uchinchi xodim ular qanday ishlashini yaxshi tushunadi.

Maʼrifat oshishi bilan xavotir pasaymoqda va xodimlar SIni tahdid emas, balki ishonchli hamkor sifatida qabul qila boshlashmoqda.

Rahbarlar uchun to‘rtta strategik ustuvor vazifa

BCG mutaxassislari tashkilotlar SIni to‘liq transformatsiyalash uchun quyidagi to‘rt yo‘nalishga eʼtibor qaratishi kerakligini taʼkidlamoqda:

O‘qitish va malaka oshirishning hal qiluvchi ahamiyatini tan olish, bu sohalarga sarmoya va vaqt ajratish, rahbarlar ishtirokini taʼminlash.

SI orqali yaratilayotgan qiymatni doimiy baholash: ish unumdorligi, mahsulot sifati va xodimlarning ishdan qoniqish darajasi orqali.

Xodimlarning rivojlanishi va ish jarayonlarini qayta ko‘rib chiqish, SIning roli va taʼsirini inobatga olgan holda qayta tashkil etish.

O‘zgarishlarni boshqarish mexanizmlarini yaratish va xodimlarni bu jarayonga moslashtirishda qo‘llab-quvvatlash.

Xulosa: SI — imkoniyat yoki tahdid?

BCG hisoboti shundan dalolat beradiki, texnologiyalar o‘z-o‘zidan muvaffaqiyat kafolati emas. Katta natijalarga faqatgina insonlar, jarayonlar va rahbariyat o‘rtasida samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilganda erishish mumkin.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling