Valyuta kurslari 23/01/2025
$1 – 12990.00
UZS – 0,04%
€1 – 13570.65
UZS – 0,95%
₽1 – 131.86
UZS – 1,51%
Qidirish
Iqtisod 23/01/2025 Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki vakillari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki vakillari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 22-yanvar kuni Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining (YTTB) moliyaviy institutlar bo‘yicha boshqaruvchi direktori Fransis Malij boshchiligidagi delegatsiya vakillari hamda O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri o‘rinbosari – Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda YTTBning Markaziy Osiyo va Mog‘uliston bo‘yicha boshqaruvchi direktori Xuseyn Ozxan, YTTBning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Andi Aranitasi, Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosarlari Ilhomjon Umrzakov va Otabek Fozilkarimov hamda boshqa mas’ul vakillar ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida tomonlar o‘tgan davrda hamkorlikda amalga oshirilgan loyihalar va ularning natijalari, kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlari hamda O‘zbekistonda iqtisodiy barqarorlik va ijtimoiy farovonlikni oshirishga qaratilgan ustuvor loyihalarni muhokama qilishga alohida e’tibor qaratdi.

Xususan, muloqot davomida tomonlar davlat ishtirokidagi banklarni xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish, xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash, davlat ishtirokidagi korxonalarni rivojlantirish va transformatsiya qilish, davlat-xususiy sheriklik dasturlari asosida amalga oshirilayotgan loyihalar, jumladan, ta’lim sohasida maktablar va talabalar yotoqxonalari tashkil etish yuzasidan shakllantirilgan loyihalarni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.

Shuningdek, muhokamalar davomida “yashil” o‘sishni ta’minlash, jumladan, energiya samaradorligini oshirish va “yashil” texnologiyalarni keng joriy etish, kichik va o‘rta tadbirkorlikni rivojlantirish va yanada qo‘llab-quvvatlash, xususan, ayollar va yosh tadbirkorlar uchun moliyaviy xizmatlarning qulayligini oshirish yuzasidan fikr almashildi.

Shu bilan birgalikda, issiqlik ta’minoti infratuzilmasini modernizatsiya qilish hamda “yashil” va innovatsion texnologiyalar asosida aholiga barqaror xizmatlarni taqdim etish bo‘yicha aniq loyihalar ishlab chiqish, shuningdek, suv resurslaridan samarali foydalanish, jumladan, irrigatsiya loyihalarini amalga oshirish va qishloq xo‘jaligida suv tejash texnologiyalaridan keng foydalanish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling