Valyuta kurslari 20/12/2024
$1 – 12875.06
UZS – 0,1%
€1 – 13406.80
UZS – -0,67%
₽1 – 124.75
UZS – -0,57%
Qidirish
Texnologiyalar 13/11/2024 «InnoWeek.Uz-2024»: Xalqaro Innovatsion Gʻoyalar Haftaligi Boshlanish Arafasida

«InnoWeek.Uz-2024»: Xalqaro Innovatsion Gʻoyalar Haftaligi Boshlanish Arafasida

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) —13-noyabr kuni «InnoWeek.Uz-2024» xalqaro innovatsion gʻoyalar haftaligiga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi. Unda Innovatsion rivojlanish agentligi direktori Sharof Rajabbayev hamda Agentlik masʼullari, jurnalistlar, OAV vakillari qatnashdilar. 

2024-yilning 14-16-noyabr kunlari Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan «Barqaror rivojlanish uchun innovatsiyalar» shiori ostida Xalqaro innovatsion gʻoyalar haftaligi «InnoWeek.Uz-2024» oʻtkaziladi. 

Xorijiy ilmiy-innovatsion markazlar, investitsiya jamgʻarmalari, texnologik agentliklar, texnoparklar va biznes inkubatorlar ishtirokida boʻlib oʻtayotgan mazkur tadbir mavjud innovatsion texnologiyalar bilan tanishish barobarida sarmoyadorlarni jalb etish va ishonchli hamkorlar topish uchun ajoyib imkoniyatdir. Qolaversa, haftalik xorijiy va milliy ekspertlar, tahlilchilar oʻrtasida ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi islohotlar, ularning mohiyati, erishilgan yutuqlar va navbatdagi dolzarb vazifalar, mutlaqo yangi innovatsion rivojlanish bosqichida ustuvor vazifalar toʻgʻrisida fikr almashish uchun muhim maydon sanaladi. 

Haftalik Davlatimiz rahbarining 2018-yil 27-apreldagi «Innovatsion gʻoyalar, texnologiyalar va loyihalarni amaliy joriy qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi PQ-3682-son Qaroriga asosan har yili anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinmoqda.

Taʼkidlash oʻrinliki, «InnoWeek.Uz» 2018-yilda oʻz faoliyatini boshlaganidan buyon, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida rivojlanib, Markaziy Osiyoda ilgʻor innovatsiyalarni namoyish qilish va global hamkorlikni rivojlantirish uchun eng yirik va noyob platformaga aylandi.

Bu yil haftalikda Xitoy, Malayziya, Tailand, Hindiston, Eron, Turkiya, Germaniya, Koreya, Ispaniya, Qozogʻiston, Rossiya va Qirgʻiziston kabi dunyoning 30 ga yaqin davlatlaridan jami 150 nafardan ortiq vakillar va elchilar ishtirok etadilar. Haftalikka Eron Islom Respublikasi fan, texnologiyalar va innovatsion iqtisodiyot boʻyicha vitse- prezidenti oʻrinbosari Turaj Amrae boshchiligida 15 dan ortiq kompaniya,

Tailand Milliy tadqiqot kengashi ijrochi direktori Viparat Deong boshchiligida 15 dan ortiq oliy taʼlim va ilmiy tadqiqot muassasasi vakillari va Rossiya Federatsiyasining 20 kishilik delegatsiya vakillari hamda boshqa davlatlarning oliy martabali mehmonlari tashrif buyuradilar. 

Haftalikning rasmiy ochilish marosimi 14-noyabr kuni soat 10:00da «Oʻzekspomarkaz» konferensiyalar zalida boʻlib oʻtadi. Unda hukumat aʼzolari, Agentlik, vazirlik va idoralar rahbarlari, diplomatik korpus vakillari, xorijiy va mahalliy ekspertlar, ilm-fan doira vakillari, professor-olimlar, innovatsion gʻoya yetakchilari hamda yosh ixtirochi-olimlar ishtirok etadilar. Haftalik doirasida tashkil etiladigan xalqaro innovatsion mahsulotlar koʻrgazmasida 512 ta mahalliy, 34 ta xorijiy tashkilotlar tomonidan «Tijoratlashtirish», «Startap» va «Ilmiy tadqiqot» loyihalarini amalga oshirish natijasida yaratilgan innovatsion mahsulot namoyish etiladi. 

Ishtirokchilarning ilm-fan sohasiga oid bilim va koʻnikmalarini yanada oshirish hamda tajriba almashishlari uchun qulay muhit yaratish maqsadida 22 ta xalqaro forum, konferensiya va seminar, 2 ta mahalliy tadbir haftalik dasturidan oʻrin olgan. 

Mana shunday tadbirlardan biri «Nufuzli xalqaro ilmiy maʼlumotlar bazalaridan foydalanish va kutubxonalarning raqamli transformatsiya darajasini oshirish» mavzusidagi xalqaro seminardir. Maʼlumotlarga koʻra bugungi kunda 230 dan ortiq oliy taʼlim va ilmiy tadqiqot muassasalarimiz «Web of Science» va «Pivot-RP» kabi xalqaro ilmiy platformalardan bepul foydalanish imkoniyatiga ega. Bu platformalar olimlarimizni xalqaro ilmiy grantlar va dasturlar bilan tanishtirishda, ularning ilmiy izlanishlarini qoʻllab-quvvatlashda katta ahamiyatga ega boʻlib, xalqaro ilmiy hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun mustahkam poydevor yaratmoqda. 2023-yilda oʻzbek olimlari tomonidan «Web of Science» platformasida 2346 ta ilmiy maqola chop etilgan. Joriy yilning shu kuniga qadar bu koʻrsatkich 2027 taga yetdi va yil oxirigacha yana oshishi kutilmoqda. Shunday ekan, tadbir mamlakatimizning ilm-fan salohiyatini oshirish, ilmiy axborot resurslaridan keng foydalanishni yoʻlga qoʻyish va jahon ilmiy hamjamiyati bilan faol integratsiyani taʼminlash yoʻlida muhim ahamiyat kasb etadi. Haftalikning birinchi ish kunida boʻlib oʻtadigan «Hududlarni innovatsion rivojlantirish: muammolar va yechimlar» mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy seminar davomida hududlarni innovatsion, ilmiy asoslangan takliflar asosida rivojlantirishdagi muammolarni muhokama qilish, xorijiy davlatlarda bu yoʻnalishda erishilgan natijalar, amaldagi mexanizm va tartibotlar bilan tanishish rejalashtirilgan. Seminarda Ispaniya hamda Turkiya kabi mamlakatlardagi shahar va tumanlar miqyosida integratsiyalashgan yondashuvlar orqali innovatsion ekotizimlarni rivojlantirishda erishilgan muvaffaqiyatlar muhokama qilinadi. Bu tajribalar orqali Oʻzbekistondagi innovatsion hududga aylantirilayotgan tumanlarda qoʻllash imkoniyatlari bilan bogʻliq masalalar yoritib beriladi. 

«Global innovatsiya indeksi» forumida esa Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-sentabrdagi «Oʻzbekiston-2030» strategiyasi toʻgʻrisida» PF-158-son Farmoniga muvofiq 2030-yilga kelib Oʻzbekistonni Global innovatsiya indeksi reytingida jahonning 
top 50 mamlakatlari qatoriga kirishiga erishish va ushbu yoʻlda bajarilishi zarur boʻlgan ishlar muhokama etiladi. Forumda Innovatsion rivojlanishda yetakchilik qilayotgan mamlakatlar va ularning natijalari haqida batafsil tahlillar muhokama qilinadi. Shuningdek, joriy yil eʼlon qilingan reytingda mamlakatimizning egallagan oʻrni, Innovatsion rivojlanish agentligi muvofiqligida tarkibiy indikatorlarga masʼul davlat organlari vakillari bilan birgalikda reytingda mavjud boʻlmagan va muntazam past baholanib kelinayotgan koʻrsatkichlarni
aks ettirish va oʻrnini koʻtarish boʻyicha masʼul xalqaro institutlar va davlat idoralari oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlash yuzasidan amalga oshirish zarur boʻlgan ishlar kun tartibining asosiy mavzulari qatoriga kiritilgan. 

«InnoWeek.Uz-2024» doirasida ilk marotaba ilmiy va innovatsion faoliyat bilan shugʻullanayotgan xorijdagi vatandoshlar bilan onlayn davra suhbati uyushtiriladi. Unda nufuzli xorijiy universitetlarda faoliyat yuritayotgan oʻzbek olimlari, muvaffaqiyatli startaperlar, xorijda ilmiy izlanish olib borayotgan yosh tadqiqotchilar, professor-oʻqituvchilar, doktorantlar va magistrlar ishtirok etadilar. Tadbir doirasida chet elda faoliyat yuritayotgan vatandoshlar bilan ilmiy, texnologik va biznes aloqalarni kengaytirish, qoʻshma ilmiy loyihalar va yosh tadqiqotchilar uchun stajirovka dasturlarini qoʻllab-quvvatlash, xalqaro tadqiqot guruhlarini tashkil qilish va universitetlar hamda ilmiy markazlar bazasida hamkorlikdagi loyihalarni amalga oshirish istiqbollariga oid masalalar muhokama qilinadi. 

«ShHTga aʼzo davlatlari sheriklik forumi: Mintaqaviy farovonlik uchun innovatsiyalar» mavzusida tashkil etilayotgan tadbirda ShHTga aʼzo davlatlarining vakillari, mutaxassislar va ilmiy hamjamiyat aʼzolari ishtirok etishadi. Tadbirda ShHT davlatlari oʻrtasida ilmiy va texnologik hamkorlikni rivojlantirishga oid bir qator takliflar koʻrib chiqiladi. Tadbirda ShHTga aʼzo davlatlarning vakillari, xalqaro ilmiy va innovatsion markazlarning rahbarlari hamda yosh olimlar va tadbirkorlar qatnashadilar. Forum davomida innovatsion yechimlar, iqtisodiy barqarorlik va rivojlanish yoʻnalishlaridagi samarali hamkorlikning istiqbollari haqida fikr almashiladi.

Haftalikning birinchi ish kuni davomida shuningdek, Oʻzbekiston-Xitoy birinchi innovatsion yoshlar forumi, Yoshlar akademiyasi assambleyasi, Innovatsiyalarni moliyalashtirishning transformatsion usullari kabi bir qator forum va davra suhbatlari boʻlib oʻtadi. 

15-noyabr, haftalikning ikkinchi ish kuni Oʻzbek-Eron innovatsion texnologiyalar forumi bilan oʻz ishini boshlaydi. Qayd etish kerakki,
Oʻzbekiston va Eron oʻrtasida biotexnologiya, toʻqimachilik, elektrotexnika, kimyo, farmatsevtika, qurilish materiallari ishlab chiqarish kabi sohalarda hamkorlik koʻlami yildan-yilga kengayib bormoqda. Savdo koʻrsatkichlari va kooperatsiya loyihalari natijasida mamlakatimizda Eron kapitali ishtirokidagi korxonalar soni barqaror oshib bormoqda. Haftalik doirasida tashkil etiladigan Oʻzbek-Eron ishbilarmonlar forumida Eron Islom Respublikasidan tashrif buyurgan tadbirkorlar, ilm-fan hamda 100 nafardan ortiq mahalliy kompaniyalar vakillari ishtirok etishi kutilmoqda. Unda Eron tadbirkorlari bilan farmatsevtika va sogʻliqni saqlash, qishloq xoʻjaligi va veterinariya, axborot texnologiyalari, neft-gaz va kimyoviy texnologiyalar, konchilik va metallurgiya sanoati kabi sohalarda B2B uchrashuvlar oʻtkaziladi. 

«InnoWeek.Uz-2024» doirasida oʻtkaziladigan ana shunday 120 dan ortiq B2B uchrashuvlarda 10 dan ortiq davlatlardan 50 ga yaqin kompaniya vakillari bilan investitsion va grant shartnomalarini imzolash kutilyapti. 

Shu kuni «Uzekspomarkaz»ning ITC zalida yosh olimlarning «Fan va innovatsiyalar» xalqaro konferensiyasi ham oʻtkaziladi. Bu yilgi konferensiya nafaqat «InnoWeek.Uz-2024» innovatsion gʻoyalar haftaligi doirasida, balki «Science & Innovation for Peaceful and Sustainable Future» xalqaro yosh olimlar forumi homiyligida ham oʻtkazilayotgani bilan ahamiyatli. «Fan va innovatsiyalar» konferensiyasi dolzarb ilmiy yoʻnalishlar va texnologiyalarning rivojlanishiga hissa qoʻshadigan bilim, tajriba va istiqbolli gʻoyalar almashinuvi uchun noyob platforma taqdim etadi. Tadbir doirasida fan va innovatsiyalar kesishmasida yotgan eng dolzarb masalalar, shuningdek, ilgʻor texnologiyalar, tibbiyot, biologiya, geofizika va boshqa muhim sohalardagi yutuqlar muhokama qilinadi.

Bu yilgi konferensiyada 200 dan ortiq olimlar - tajribali mutaxassislar va oʻz ilmiy faoliyatini boshlayotgan yosh olimlar ishtirok etadi. Konferensiyaning plenar maʼruzalari uchun Buyuk Britaniya, Avstriya, Germaniya, Xitoy va Rossiyadan yetakchi olimlar taklif qilingan boʻlib, ular madaniy yodgorliklarni saqlashda geofizik metodlarni qoʻllashdan tortib, biotexnologiya, genetika va hujayrali texnologiyalardagi zamonaviy yutuqlar kabi keng koʻlamli dolzarb masalalarni muhokama qiladilar. 

Haftalik doirasida «Ilmiy va innovatsion faoliyat boʻyicha III xalqaro forumi» ham oʻtkaziladi. Unda ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektorlar, ilmiy ishlar boʻyicha rahbar oʻrinbosarlari, ilmiy boʻlim masʼul xodimlari, professor-oʻqituvchilar, doktorantlar, magistrlar 
va yosh tadqiqotchilar ishtirok etadilar. Forumni oʻtkazishdan asosiy maqsad ilmiy tashkilotlar hamda oliy taʼlim muassasalarining faoliyati va ilmiy salohiyatni rivojlantirish boʻyicha, ilm-fan, iqtisodiyot tarmoqlari va ishlab chiqarish integratsiyasini mustahkamlash, ilmiy tashkilotlar va oliy taʼlim muassasalarining tadqiqotlarni oʻtkazish tizimini takomillashtirish hamda oliy taʼlimdan keyingi taʼlim tizimini raqamlashtirish boʻyicha qilingan amaliy ishlar bilan tanishtirishdan iborat. Shuningdek, Forum doirasida Oliy taʼlimdan keyingi taʼlim tizimida joriy etilayotgan yangi tizimlar yaʼni Oliy taʼlimdan keyingi taʼlim tizimiga qabul jarayoni hamda ilmiy va innovatsion faoliyat yurituvchi subʼyektlar reyestri va ularning reytingi boʻyicha amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida maʼlumotlar beriladi va fikr-mulohazalar almashiladi. 

Bundan tashqari, forumda xorijiy ilmiy stajirovkalarga yosh olimlarni yuborish dasturida erishilayotgan yutuqlar hamda xorijiy ilmiy stajirovkalar oʻtab kelgan yosh olimlar bilan davra suhbatlari olib boriladi. Forumda Tailand, Singapur, Italiya, Ispaniya davlatlari mutaxassislari oʻz taqdimot-maʼruzalari bilan ishtirok etadilar. Forum natijalari boʻyicha ilm-fan, taʼlim va ishlab chiqarish oʻrtasida integratsiyani taʼminlash, ilmiy tadqiqot ishlari yutuqlari asosida oliy taʼlim tashkilotini xalqaro nufuzini oshirish, oliy taʼlim muassasalarining innovatsiyalar yoʻlida ilmiy istiqbollari, shuningdek, universitetlarda oliy taʼlimdan keyingi taʼlimni rivojlantirish kabi
masalalari boʻyicha fikr-mulohazalar almashinilib, kelgusidagi rejalar belgilanadi. 

Forum yakunida «Innovatsion gʻoyalar yetakchisi» koʻkrak nishoni sovrindorlarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtadi. «Innovatsion gʻoyalar yetakchisi» koʻkrak nishoni bilan innovatsion gʻoya va texnologiyalarni rivojlantirish, amaliyotga tatbiq etishga munosib hissa qoʻshgan iqtidorli yoshlar, yosh olimlar, talabalar va tashabbuskor fuqarolar taqdirlanadi.

Maqsad innovatsion gʻoya va texnologiyalarni rivojlantirish, amaliyotga tatbiq etishga munosib hissa qoʻshib kelayotganlarning innovatsion faoliyatini ragʻbatlantirish va erishgan yutuqlarini munosib taqdirlashdan iborat. Bu yil tanlovga respublika miqyosida 100 ga yaqin nomzodlardan hujjat topshirilgan. Yakuniy natijalarga koʻra, eng yuqori ball toʻplagan 14 nafar nomzod «Innovatsion gʻoyalar yetakchisi» koʻkrak nishoni gʻolibi deb topiladi. Koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan shaxslar bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravari miqdorida bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofoti bilan taqdirlanadilar. Maʼlumot uchun, «Innovatsion gʻoyalar yetakchisi» koʻkrak nishoni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 2-oktabrdagi «Innovatsion gʻoyalar yetakchisi» koʻkrak nishonini taʼsis etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida» 786-son qarori bilan taʼsis etilgan.

Shuningdek, haftalikda iqtidorli va muhandis yoshlar uchun alohida pavilion tashkil etilib, unda robototexnika, dron reysing, xakaton, art injiniring, VR/AR, 3D modellashtirish, dasturlash kabi yoʻnalishlardagi turli musobaqalarga 1200 dan ortiq yoshlar jalb qilinib, musobaqa yakuni boʻyicha 70 nafar gʻoliblar taqdirlanadi.

Birgina RED FEST xalqaro robototexnika musobaqasini oladigan boʻlsak 8 yoshdan 25 yoshgacha boʻlgan ishtirokchilar yosh guruhlariga boʻlingan holda uch kun davomida tegishli yoʻnalishlarda oʻzaro bellashadilar. Mazkur bellashuvlarda gʻoliblikni qoʻlga kiritganlar Oʻzbekistonda kelgusida shu yoʻnalishda boʻlib oʻtadigan tanlovlarda toʻgʻridan-toʻgʻri ishtirok etish imkoniga ega boʻladilar. 
Iqtidorli yoshlar uchun yangi imkoniyatlar: «Urban.Tech Uzbekistan 24» xakatoni esa 18 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan, turli kasblar va yoʻnalishlardagi mutaxassislarni qamrab oladi.

Yoshlar shaxsiy va kasbiy koʻnikmalarini takomillashtirish bilan birga oʻzining innovatsion takliflarini namoyish etadi. Ishtirokchilar 48 soat mobaynida ijtimoiy-iqtisodiy muammolarga innovatsion yechimlar topish barobarida ijodiy imkoniyatlarini namoyish etish, yangi doʻstlar orttirish, shaxsiy mahoratlarini oshirish hamda portfoliolariga yangi loyihalar qoʻshish imkoniyatiga ega boʻladilar.
 

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling